Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Ochiqlikni ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq, 2023-yil yakunlariga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi asosida to‘plangan barcha ko‘rsatkichlar atroflicha muhokama qilinib, yakuniy natijalar e’lon qilindi.
Ochiqlik indeksi 84 baholash mezonidan tarkib topgan 8 indikator asosida shakllantirib kelinmoqda. Indeksda samaradorlik ko‘rsatkichlari 71 balldan 100 ballgacha to‘plaganlar – «yashil», 55 balldan 71 ballgacha bo‘lganlar – «sariq» va 55 balldan past ko‘rsatkich qayd etganlar – «qizil» toifalarga kiritiladi.
Bu yilgi baholashda 103 respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari qamrab olindi. Yakuniy natijalar keng jamoatchilik uchun index.anticorruption.uz platformasiga ochiq joylashtirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov ochiqlikni ta’minlash borasida erishilayotgan yutuqlar, 2023-yilda Ochiqlik indeksini baholash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar, baholash jarayonlarining raqamlashtirilishi xususida to‘xtalib o‘tdi.
Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati kengaytirildi. Davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiq e’lon qilinishi natijasida qonunbuzarlik holatlariga chek qo‘yilmoqda. O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 138 holatda yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishlari bartaraf etilib, 110 milliard so‘mlik davlat xaridlari bekor qilindi.
123 tashkilotda korrupsiya holatlari haqida xabar berish imkonini beruvchi 615 dan ortiq aloqa kanali ochiq e’lon qilindi.
Faoliyati o‘rganilgan davlat idoralarining 75 foizi o‘z faoliyatiga oid hisobotlarni ochiq e’lon qilib, jamoatchilik ishtirokida muhokama qilgan.
Majlisda ochiqlikni ta’minlash faoliyatini baholashda bevosita ishtirok etgan davlat organlarining har bir baholash indikatori bo‘yicha hisoboti eshitilib, 2023-yil uchun Ochiqlik indeksi bo‘yicha komissiyaning yakuniy qarori qabul qilindi.
Baholash natijalariga ko‘ra, 31 davlat organi «yashil» (71-100 ball), 43 tasi «sariq» (55-71 ball) va 29 tasi «qizil» (55 balldan past) samaradorlik ko‘rsatkichini qayd etgan.
Tahlillar faoliyat samaradorligi «yashil» toifadagi davlat idoralari soni o‘tgan yilga nisbatan 16 taga ortgan. E’tiborlisi, 2022-yil yakuni bo‘yicha «qizil» toifaga kiritilgan qator davlat idoralarida keskin ijobiy o‘sish kuzatilgan. «O‘zsuvta’minot» AJ – 81 ball (2022-yilda – 47 ball), «Turonbank» ATB – 78 ball (2022-yilda 53 ball), «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» AJ – 77 ball (2022-yilda 48 ball), «Hududgazta’minot» AJ – 75 ball (2022-yilda 52 ball) bilan bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Natijalar indikatorlar kesimida avvalgi yilga nisbatan solishtirilganda sezilarli ijobiy o‘zgarishlar korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishda ochiqlik tamoyillaridan foydalanish hamda Ochiq ma’lumotlar portalida ma’lumotlar joylashtirilishi kabi yo‘nalishlarda qayd etilgan.
Jumladan, Ochiq ma’lumotlar portalida ma’lumotlar joylashtirilishini baholash mezoni talablari ijrosi 12 davlat idorasi tomonidan 100 foizli natija bilan bajarilgan. Yoki, Jamoatchilik kengashining faoliyati samaradorligini baholash mezoni talablari 6 davlat idorasi tomonidan to‘liq bajarilib, ushbu yo‘nalishdagi faoliyat ochiqligi ta’minlangan.
Ochiqlik indeksida eng yuqori natija Statistika agentligi (88 ball), «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ (86 ball), Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi (86 ball), «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ (84 ball) va Xorazm viloyati hokimligi (84 ball) tomonidan qayd etilgan.
Baholash komissiyasi tomonidan Ochiqlik indeksi natijalari asosida ochiqlikni ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklarni tahlil qilish va bartaraf etish, shuningdek, bu boradagi faoliyatni yanada yaxshilash bo‘yicha vazifa va maqsadlar belgilab olindi.
Prezident qaroriga muvofiq, «yashil» toifadagi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni ta’minlash sohasidagi ijobiy tajribasi ommalashtiriladi.
«Sariq» toifadagi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni ta’minlash sohasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilib, ularni amalga oshirishga amaliy ko‘maklashiladi.
«Qizil» toifada baholanganlarga qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasini qo‘llash yuzasidan taklif kiritish, ochiqlikni ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklarni o‘rganish, bartaraf etish hamda ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi rayosati va Oliy Majlis Senati majlislarida ushbu toifada baholangan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining ochiqlik sohasida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari va ularni bartaraf etish bo‘yicha rejalashtirgan chora-tadbirlari yuzasidan axboroti eshitiladi.
Majlisda baholashda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va oldini olish borasida kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish haqida qaror qabul qilindi.
Tadbir yakunida esa ochiqlikni ta’minlashda eng yuqori samaradorlik ko‘rsatkichiga erishgan davlat organlarining ochiqlikni ta’minlashga mas’ul xodimlaridan bir guruhi taqdirlandi.
N.Abduraimova, O‘zA