Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B.Muratov tomonidan G‘ijduvon tumanida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi.
Unda yigirmadan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etdi va murojaatlar tinglandi. Tadbir davomida bir qator konstruktiv takliflar ham ilgari surildi. Jumladan, “Parvoz Humo Ravnaq Trans” MCHJ vakillari tomonidan “Olot” chegara bojxona posti hududida boj olinmaydigan savdo do‘koni (duty-free shop) tashkil etish taklifi bildirildi. Mazkur tashabbus savdo-sotiqni jonlantirish, turistlar oqimini oshirish, milliy mahsulotlar eksportini qo‘llab-quvvatlash hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Boj olinmaydigan savdo do‘konlari xaridorlar uchun raqobatbardosh, arzon narxlarni taklif etish imkonini beradi. Shu bilan birga, bu kabi savdo nuqtalari xorijiy valyuta oqimini ko‘paytiradi, turizm va xalqaro savdo aloqalarini kengaytiradi hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini tashqi bozorga olib chiqishda qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

Sayyor qabul jarayonida har bir ishtirokchining murojaati va savollari bo‘yicha malakali mutaxassislar jalb etilib, amaliy ko‘mak berish asosiy vazifa etib belgilandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.