“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatida “Yangi O‘zbekistonni yoshlar bilan birga quramiz!” mavzusidagi “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Boshqaruvi a’zolari, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va uning tarkibidagi korxonalar yoshlari ishtirok etdi.
Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 25 dekabr kuni O‘zbekiston yoshlari forumida so‘zlagan nutqi va 2021 yil “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturida yoshlar siyosati bo‘yicha ilgari surilgan qator tashabbuslari ijrosini ta’minlashga qaratildi.
Uchrashuv ochiq muloqot tarzida tashkil etildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar va amalga oshirmoqchi bo‘lgan loyihalari bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirishdi. Mavjud muammolar hal etish bo‘yicha “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruvi raisidan javoblar olishdi.
[gallery-1841]
Mutaxassislarning malakasini oshirish, til o‘rganish, ta’lim olishlari uchun grant mablag‘lari ajratish hamda munosib ish sharoitini yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining ushbu yo‘nalishda belgilab bergan vazifalarning dolzarbligini inobatga olib, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ “Rahbar va yoshlar” turkumidagi uchrashuvlarni joylarga chiqib, manzilli tarzda o‘tkazishni rejalashtirgan. Ularda elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalarida faoliyat olib borayotgan yoshlarning g‘oya va intilishlari, ularni qiziqtirib kelayotgan muammo va masalalarni o‘rganish, yoshlarning ijtimoiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vazifalar belgilab olinadi.
Uchrashuvda oliy ta’lim muassasalariga ta’lim olish uchun grant mablag‘larini qo‘lga kiritgan bir guruh yoshlarga sertifikatlar topshirildi.
Tadbir doirasida yosh mutaxassislarni ishlab chiqarish jarayoni va elektr energetikasi sohasida zamonaviy va energosamarador texnologiyalar joriy etish loyihalari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Toshkent issiqlik elektr stansiyasiga tashrif hamda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati.
O‘zA