Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ochiq muloqotda ta’lim sohasida olib borilayotgan ishlar muhokama etildi
16:17 / 2025-05-24

Navoiy shahridagi 23-sonli umumta’lim maktabida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ijrosiga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda Navoiy shahrida 23 ta maktab mavjud bo‘lib, 16 ta maktabda ta’lim o‘zbek tilida, 5 ta maktabda rus-o‘zbek hamda 2 ta maktabda ta’lim rus tilida olib boriladi. Ushbu maktablarda 30 ming 746 nafar o‘quvchi o‘zbek tilida, 9 ming 16 nafar o‘quvchi esa rus tilida ta’lim olmoqda. Ularga 3 ming nafardan ziyod o‘qituvchi saboq berib kelmoqda.

– Maktablarda faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarimizning 3003 nafari yoki 99,5 foizi oliy ma’lumotli o‘qituvchilar bo‘lib, 751 nafari oliy toifaga ega, – deydi shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Shalola Hamidova. – Hozirda 12 ta maktabimizga “Zamonaviy maktab” maqomi berilgan. Shuningdek, shaharda 33 ta davlat, 6 ta xususiy, 8 ta davlat-xususiy sherikchilik asosida va 80 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Ularga 12 ming 698 nafar bola qamrab olingan bo‘lib, bu 107,3 foizni tashkil etadi.  

2024-2025 o‘quv yilida 17 ta maktabda chorak bo‘yicha summativ baholash tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, keyingi o‘quv yilidan boshlab yana 4 ta maktabda ushbu tizim joriy etiladi.  

Yakunlangan o‘quv yilida navoiylik yoshlar o‘tkazilayotgan fan olimpiadalarida ham faol ishtirok etdi. Jumladan, bo‘lib o‘tgan umumta’lim fanlari bo‘yicha viloyat fan olimpiadasida 27 nafar o‘quvchi g‘oliblar safidan joy egallagan bo‘lsa, ularning 8 nafari 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Joriy yilning 25-26 mart kuni Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichida tarix fanidan 11-maktab o‘quvchisi Sabrina Qahramonova 100 ball to‘plab, faxrli 1-o‘rinni egalladi. 9-sinf o‘quvchisi Jasurbek Mustafoyev esa kimyo fanidan Ruminiyaning Buxarest shahrida o‘tkazilgan 21-Xalqaro yoshlar tabiiy fanlar olimpiadasida, 11-sinf o‘quvchisi Saida Abdullayeva Xitoyning Shenjen shahrida bo‘lib o‘tgan 58-xalqaro Mendeleyev  olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Joriy yilda 2651 nafar o‘quvchi maktabni tamomlasa, ularning 40 nafari muddatidan oldin talaba bo‘lgan.  

Ochiq muloqot qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/54m0rdYOSpM?si=71xfrLQxJdtZLXkG" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri