Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ochiq muloqot: tibbiyot tizimi rivoji uchun talab va takliflar
13:04 / 2022-01-10

Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida tibbiyot sohasi yanada takomillashtirilmoqda.

Ayni paytda 1295 qisqa raqamli “Call-markaz” hamda ijtimoiy tarmoqlarda ochilgan alohida elektron manzillar orqali soha rivojiga oid takliflar, e’tiroz va murojaatlar qabul qilinmoqda. Birlamchi bo‘g‘indan tortib ixtisoslashtirilgan markazlar faoliyatigacha, tez tibbiy yordam yoxud sanitariya-epidemiologiya xizmatidan tortib oliy tibbiy ta’limgacha – barcha yo‘nalishlarga doir har bir murojaatga alohida e’tibor qaratilmoqda.  



“Tabib tabib emas, boshidan o‘tkazgan tabib”, deydi xalqimiz. Hech kim sohadagi muammolarni tizimning ichida yurgan mutaxassischalik yaxshi bilmaydi. Sog‘liqni saqlash tizimining fidoyi va jonkuyarlari yaratilgan bu imkoniyatdan samarali foydalanishi zarur. 

Qashqadaryo viloyatining barcha shahar va tumanlarida viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Yo‘ldoshev va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ravshan To‘lakov ishtirokida o‘tkazilayotgan tibbiyot xodimlari bilan muloqotlarda ham soha rivoji uchun xizmat qiladigan, kreativ yondoshuv, yangi davr ruhiga mos g‘oyalarga asoslangan takliflar bildirilmoqda. Shuningdek, soha xodimlari har kuni bevosita o‘z faoliyatlarida duch kelayotgan muammolar va ularning yechimi haqidagi o‘z fikrlarini mutasaddilarga bayon qilayotir.  

Koson tumanidagi 19-oilaviy poliklinika mudiri Jumaniyoz Qulmurodov ham muloqotda birlamchi bo‘g‘in vakillarini qiynab kelayotgan ayrim muammolarni aytib o‘tdi.  

– Oilaviy poliklinikalarda emlash hamshiralari, avtoklav xodimlari uchun alohida shtatlar ajratilishi zarur, –  dedi u.  

– Prezidentimizning sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari bilan bo‘lib o‘tadigan “O‘zbekiston tibbiyoti – inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti oldidan Qashqadaryoda o‘tkazilayotgan tadbirlarda xodimlar amaliy ahamiyati katta bo‘lgan takliflarni bildirishayotganiga guvoh bo‘ldim, – deydi Kosondagi muloqotda ishtirok etgan Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirov. – Muhimi, ularda bildirilgan takliflar odamlarni rozi qilib ishlashni maqsad qilgan tizim istiqboliga xizmat qiladi.  

Muloqotlarda mutaxassislar yetishmaydigan, olis hududlardan tibbiyot oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun imtiyozlar yaratish, joylarda oilaviy poliklinikalarga qo‘shib yuborilgan oilaviy shifokor punktlari faoliyatini qayta tashkil etish, tizim moddiy texnika bazasini mustahkamlash, soha xodimlari mehnatini munosib rag‘batlantirish kabi bir qator dolzarb masalalar xususida batafsil so‘z yuritildi va takliflar jamlandi. Ular asosida zarur chora-tadbirlar belgilanishi ko‘zda tutilmoqda. 

 

O‘lmas Barotov, O‘zA.