Toshkentda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi korxonalar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, bu ishlarni tizimli tashkil etish bo‘yicha davlatimiz rahbari topshiriqlariga asosan tarmoqlar kesimida tadbirkorlik sub’ektlari bilan “ochiq muloqot” formatida uchrashuvlarni o‘tkazish amaliy ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Muloqotda Jamshid Xo‘jayev ta’kidlaganidek, 2025-yilda qurilish materiallari eksporti 142 foizga o‘sib, 1,2 milliard dollarni tashkiletgan. Rossiyaga 251,2 million dollar, Qozog‘istonga 207,1 million, Qirg‘izistonga 180,3 million, Tojikistonga 126,7 million, Afg‘onistonga 31,5 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Shuningdek, Meksika, Suriya, Malta va Tailand davlatlariga ham eksport amalga oshirilib, yangi 4 ta bozor o‘zlashtirildi (+0,8 mln dollar). Jami eksport qilingan davlatlar soni 62 taga yetgan. Respublikamizdan 62 turdagi qurilish materiallari eksporti amalga oshirilgan.
- 2026-yil uchun qurilish materiallari eksportida maqsadli ko‘rsatkichlarni 1,5 milliard dollar etib belgilab oldik. Bugun biz ushbu maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish maqsadida yil boshidan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi korxonalar faoliyatidagi mavjud muammoli masalalarni atroflicha muhokama qilib, hal etish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni belgilab olamiz va ijrosini qilamiz. Muloqotda ushbu soha tadbirkorlariga taalluqli bo‘lgan asosiy tizimli masalalarni muhokama qilib, keyin individual muammolarga o‘tamiz. Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasidan eksport qilinayotgan qurilish materiallarini temir yo‘l transporti orqali tashish jarayonida qator muammolar kuzatilmoqda. Xususan, bir xil masofaga yuk tashishda tariflar turlicha hisoblanishi, temir yo‘l tariflarining yuqoriligi sababli transport xarajatlarining mahsulot tannarxidagi ulushi ortishi, yuk vagonlari yetishmasligi va ularni ajratishda uzilishlar mavjudligi, mavsumiy yuklama davrlarida vagonlar taqsimotida noaniqliklar kabilar shular jumlasidan, - dedi Jamshid Xo‘jayev.
Aytib o‘tilganidek, mazkur omillar natijasida logistika xarajatlari ortib, mahsulotning yakuniy eksport narxi oshmoqda. Bu esa tashqi bozorlarda mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligining pasayishiga hamda eksport hajmlarining qisqarishiga olib kelmoqda.
Shuningdek, energiya resurslari iste’moli bilan bog‘liq muammolar, yangi tashkil etilayotgan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarga tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shart olishda rad javoblari berilishi, sertifikatlashtirish, mahsulotlarni sinash va bojxona sohasidagi masalalar ham ko‘tarildi.
“Angren insulation” korxonasi xodimi Bobur Rahimovning so‘zlariga ko‘ra, bunday ochiq muloqotlar o‘tkazilishi har jihatdan muhim.
- Negaki, tadbirkorlar faoliyatida uchrayotgan muammolarga birgalikda yechim izlash iqtisodiyotimiz ravnaqiga keng yo‘l ochadi. Korxonamiz haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, bizda muammolar yo‘q, zarur ko‘makni davlat tomonidan olyapmiz. Yillik eksportimiz ishlab chiqarish hajmidan 25 foizni tashkil etadi. Bu taxminan 3 million dollarga yaqin. Biz asosan Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilamiz. O‘tgan yildan Ozarbayjon bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, - dedi u.
[gallery-27922]
Ochiq muloqot jarayonida tadbirkorlar sohadagi dolzarb muammolarni o‘rtaga tashladi, mutasaddilar esa ularni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rilishini ta’kidladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA