Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ochiq muloqot: grantlar ijtimoiy muammolarga yechim bo‘lmoqda
11:29 / 2025-05-24

Buxoro shahridagi NNT va Do‘stlik uyida Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi rahbari Otabek Husanov tomonidan viloyatda faoliyat yuritayotgan fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Unda xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati, viloyat, shahar, tuman Kengashlari deputatlari, viloyatda faoliyat olib borayotgan Nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar qatnashdi. 

Ochiq muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan davlat granti tanlovi, loyihalarni taqdim etish hamda ngo.gov.uz platformasi imkoniyatlari haqida tushuntirish berildi.

Muloqotda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, davlat va jamiyat hayotida ularning faolligini yanada oshirish, ijtimoiy muammolar yechimiga qaratilgan tashabbus va loyihalarni amalga oshirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan aniq javob oldi.

Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlar rahbarlarining murojaati ham tinglandi va ularda ko‘tarilgan masalalar joyida muhokama qilindi va ijrosi ta’minlandi.   

Ochiq muloqotdan so‘ng, O. Husanov viloyatda faoliyat olib borayotgan milliy madaniy markazlar faoliyati, ular uchun yaratib berilgan shart-sharoitlar o‘rganildi. Ular bilan suhbat jarayonida amalga oshirilayotgan ishlar, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan ajratilayotgan subsidiyalarning maqsadli ishlatilayotganligi va galdagi vazifalar muhokama qilindi. 

[gallery-23549]

Ayni kunda viloyatda 12 ta milliy-madaniy markazlar faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan  2021 yilda Buxoro shahri, Ibrohim Mo‘minov ko‘chasi, 30-uyda Nodavlat  notijorat tashkilotlari “Do‘stlik uyi” tashkil etilgan.

Mazkur binoda milliy-madaniy markazlar uchun alohida xonalar ajratilib, zarur kompyuter jamlanmasi, axborot texnologiyalari, qattiq va yumshoq mebel bilan ta’minlangan. Hozirda bu maskanda 10 ta milliy madaniy markazi hamda 4 ta nodavlat-notijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda. 

Shuningdek, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik mavzularida viloyat televideniyesida har haftada bir marotaba “Oltin silsila”, tojik tilida “Poyomi ro‘z”, rus tilida “Nedelya” ko‘rsatuvlari efirga uzatib kelinmoqda. Xalq deputatlari viloyat Kengashi muassisligida “Buxarskiy vestnik” gazetasi rus tilida haftada ikki marotaba chop etilmoqda. Milliy-madaniy markazlar tomonidan viloyatda istiqomat qilayotgan turli millatlarning urf-odatlari, qadriyatlari, kiyimlari hamda milliy taomlarini aks ettiruvchi “Sabanto‘y”, “Maslenitsa”, “Xalqlar do‘stligi kuni”, “Bag‘rikenglik haftaligi” kabi bayram tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Ishtirokchilar Qorako‘l tumanida Davlat ijtimoiy buyurmasi asosida qurilayotgan O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Qorako‘l tumani bo‘limining yangi zamonaviy binoda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi va kerakli maslahatlar berildi. 

Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi rahbari 2024 yilda foydalanishga topshirilgan O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Buxoro viloyati Shofirkon o‘quv ishlab chiqarish korxonasida ham bo‘ldi. U yerda yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rgandi.

O‘tgan 2023 yilda O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Buxoro viloyat bo‘limining “Ezgulik ramzi” ijtimoiy loyihasi hamda Shofirkon tumani hokimligining davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida tumandagi ko‘rishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy va mehnat sharoitlarini yaxshilash maqsadida bu yerdagi mavjud bino-inshootlarni rekonstruksiya qilishga kirishildi. 

Buning uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan 1 milliard 400 million so‘m miqdorida davlat subsidiya mablag‘i ajratildi. 

Loyiha doirasidagi ishlar nihoyasiga yetib, natijada “O'rikzor Ipak yo'li tesktil” MCHJ qurilish tashkiloti tomonidan 225 metr kvadratdan iborat ishlab chiqarish sexi, 200 metr kvadratdan iborat ikki qavatli ma’muriy bino yangilandi. Ma’naviyat zali va savdo do‘koni uchun mo‘ljallangan ob’ekt qurildi. Yana ikkita ishlab chiqarish sexi rekonstruksiya qilindi. E’tiborli tomoni, umumiy hisobda 25 nafar ishchi-xodimga zamonaviy mehnat sharoiti yaratildi.

Mazkur korxona imkoniyati cheklangan, ayniqsa, ko‘rishda nuqsoni bor shaxslarning bandligini ta’minlash, ularning jamiyat hayotida yanada faol bo‘lishi uchun muhim ob’ektga aylandi.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/54m0rdYOSpM?si=c0CzL0cMImcH8oqU" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.