Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishga oid chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va tizimli ravishda ko‘rib borish — ular faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning muhim mezoni hisoblanadi.
Bu yo‘nalishda Biznes-ombudsman devoni mas’ul xodimlari tomonidan tadbirkorlar va nazorat organlari vakillari ishtirokida uchrashuvlar, seminarlar va davra suhbatlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Biznes-ombudsman devoni tashabbusi bilan 405 ta shunday tadbir tashkil etildi. Ularda 15 ming nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Jumladan, 10 mingdan ortiq ishtirokchilarni qamrab olgan 232 ta seminar o‘tkazildi. Shu kabi tadbirlardan biri Prezidentimiz tashabbusi bilan har yili o‘tkaziladigan ochiq muloqot doirasida Farg‘ona shahrida Biznes-ombudsman devoni va Farg‘ona viloyati soliq boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.
Seminar tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishda amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilishi, shuningdek, tekshiruvchi mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirishga qaratildi.

Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan ishtirokchilarga Prezidentimizning 2022 yil 13 sentyabrdagi “Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori hamda 2024 yil 14 noyabrdagi “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Seminar yakunida ishtirokchilarning fikr va takliflari tinglandi, berilgan savollarga amaldagi qonunchilik asosida javoblar qaytarildi.
Ushbu seminarning asosiy maqsadi — tadbirkorlik faoliyatini tekshiruvchi nazorat organlari mansabdor shaxslarining huquqiy savodxonligini oshirish va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash orqali tadbirkorlar huquqlarini samarali himoya qilishga erishishdan iboratdir.
M.Sulaymonov,
O‘zA