Mamlakatimizning xalqaro miqyosda investitsion salohiyati va imijini oshirish, nufuzli xalqaro reyting va indekslarda o‘rnini yaxshilashda ochiq ma’lumotlar sohasining rivojlanishi muhim ahamiyatga ega.
Prezidentimiz tomonidan sohani rivojlantirish borasida imzolanayotgan qarorlar ochiq ma’lumotlarning oshkoraligi va sifatini oshirish, ularni yurtdoshlarimiz va jahon hamjamiyatiga yetkazish tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
O‘z navbatida, bu “Open Data Inventory” (ODIN) ochiq ma’lumotlar reytingi va boshqa nufuzli xalqaro reytinglarda mamlakatimizning yuqori o‘rinlarni qayd etishiga zamin yaratadi.
Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Usmon Abdurasulovning ma’lum qilishicha, yuqoridagilardan kelib chiqib, 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi ochiq ma’lumotlar portalining yangi, takomillashtirilgan varianti ishlab chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi “Open Data Inventory” (ODIN) 2020/2021 ochiq ma’lumotlar reytingida 63 ball to‘plagan holda reytingda 125 pog‘onaga ko‘tarilib, dunyoda 44-o‘rinni va Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi.
BMTning “Elektron hukumat kuzatuvi 2020”da “Ochiq davlat ma’lumotlari indeksi” bo‘yicha O‘zbekiston eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan jahonning 41 ta mamlakati orasidan joy oldi.
Shuningdek, “Open data Inception” ma’lumotiga ko‘ra, jahon mamlakatlari orasida O‘zbekiston ochiq ma’lumotlar manbalari soni bo‘yicha jahonda 6-o‘rinni egalladi.