English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ochiq maʼlumotlar portali faoliyati muhokama qilindi
23:21 / 2019-08-20

Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasining data.gov.uz ochiq maʼlumotlar portalini rivojlantirish hamda mamlakatimizning investitsiyaviy koʻrsatkichlarini tahlil qilishga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.


Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasining data.gov.uz ochiq maʼlumotlar portalini rivojlantirish hamda mamlakatimizning investitsiyaviy koʻrsatkichlarini tahlil qilishga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati statistika boshqarmalari vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi raisi oʻrinbosari A.Ikromovning soʻzlariga koʻra, Prezidentimizning joriy yil 9-apreldagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi zimmasiga davlat organlari va tashkilotlarining ochiq maʼlumotlar toʻplamlari roʻyxatini shakllantirish, yuritish va yangilash hamda tegishli axborotlarning data.gov.uz portalida oʻz vaqtida aks ettirilishi boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi yuklangan.

Shuningdek, ushbu qaror bilan alohida tarkibiy indikatorlar boʻyicha statistika salohiyati indeksida mamlakatimizning oʻrnini yaxshilashga oid “Yoʻl xaritasi” ham tasdiqlandi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi ochiq maʼlumotlar toʻplamining roʻyxatini portalda joylashtirish muddatlari va shakllarini belgilagan holda tasdiqlash bilan ham shugʻullanadi. Qoʻmita zimmasiga davlat organlari va tashkilotlari hamda joylardagi ijro hokimiyati organlari tomonidan ochiq maʼlumotlarning oʻz vaqtida yangilanishini kuzatib borish vazifasi yuklandi.

Ushbu qarordan kelib chiqib, Ochiq maʼlumotlar puxtaligi modeli hamda boshqa xalqaro amaliyotlar asosida davlat organlari va tashkilotlarining ochiq maʼlumotlar sohasidagi faoliyatini baholash mexanizmini ishlab chiqish va joriy etish, natijalarni har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi portalida eʼlon qilib borish belgilangan.

– Bugungi kunda ochiq maʼlumotlar portali interfeysini takomillashtirish ishlari amalga oshirilmoqda, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi boshqarma boshligʻi M.Husanov. – Jumladan, unda joylashtiriladigan koʻrsatkichlar roʻyxati tasdiqlandi. Ilgari portalning ingliz tilidagi talqini yoʻq edi, barcha maʼlumotlar oʻzbek va rus tillarida eʼlon qilinar edi. Endilikda barcha statistika maʼlumotlari nafaqat uch tilda, balki har qanday mashina oʻqiydigan formatda ham chop etiladi. Bu ayrim mahalliy, xorijiy kompaniya va tashkilotlar uchun muhim ahamiyatga ega. Ayni paytda statistik maʼlumotlarni buzib koʻrsatish maʼmuriy javobgarlikka tortilishini ham hisobga olish kerak.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi mutaxassislari mamlakatimizning investitsiyaviy koʻrsatkichlarini tahlil qildi va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.