Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ochiq eshiklar kuni”da korrupsiya va yong‘in xavfsizligi muhokamasi
17:17 / 2025-12-16

Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamkorligida “Aksilkorrupsiya oyligi” hamda “Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida “Ochiq eshiklar kuni” va matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Xurshid Alibayev, shuningdek, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”AJ va “Navoiyuran” davlat korxonasi ob’ektlarida Favqulodda vaziyatlar markazi boshlig‘i, polkovnik Ismoil Sharipov va boshqalar so‘zga chiqdi. Ular korrupsiyani bartaraf etish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan amaliy natijalar, tizimda olib borilayotgan islohotlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, boshqa sohalarda bo‘lgani kabi tizimda ham korrupsiyaning oldini olish, boshqaruvda byurokratiyani kamaytirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yaxshilash, raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish borasida keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilmoqda.

– O‘tgan yilda amalga oshirilgan ma’muriy islohotlar orqali davlat organlarida “qo‘l” boshqaruvidan “avtomatik” boshqaruv tizimiga o‘tish jarayoni boshlandi, – deydi viloyat FVB boshlig‘i X.Alibayev. – Jumladan, ma’muriy islohotlar natijasida davlat boshqaruvi tizimining eng muhim bo‘g‘ini – ijro etuvchi hokimiyat yanada ixchamlashib, takrorlanuvchi funksiyalar tugatildi. Eng asosiysi, byurokratiya qisqartirildi. Ikkinchidan, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaviy munosabatlarining oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlar yaratildi. Xususan, davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini baholashga qaratilgan “Ochiqlik indeksi” joriy etildi. Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha “E-antikorrupsiya” loyihasi ishga tushirildi.

Bugungi kunda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifati yaxshilanib, ortiqcha tartib-taomillar qisqartirildi hamda elektron shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni oshirildi. Jumladan, aholidan 73 turdagi hujjat va ma’lumotlar talab qilinishi bekor qilindi. 771 ta davlat xizmatlarining 360 dan ortig‘i Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron ko‘rsatilmoqda. Ularning 240 dan ortiq xizmatlari tadbirkorlik sub’ektlari uchun mo‘ljallangan. 59 turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish muddatlari qisqartirildi. Ushbu xizmatlar oldin 30 kundan 90 kungacha muddatda ko‘rsatilgan bo‘lsa, endilikda 1 kundan 30 kungacha kamaytirildi. 

Sohalarda olib borilayotgan raqamlashtirish ham bevosita korrupsiyaning oldini olishga xizmat qilmoqda. 

Matbuot anjumanida yurtimizda 1 dekabrdan 31 dekabrgacha e’lon qilingan “Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida belgilangan chora-tadbirlar asosida olib borilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. 

Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda uning quyi tuzilmalari tomonidan joriy yilning o‘tgan 11 oyi davomida xalq xo‘jaligi ob’ektlari va aholi turar joylarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlar va yong‘inlarni bartaraf etish, shuningdek, ommaviy tadbirlar davomida fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

[gallery-26762]

Viloyatda ro‘yxatdan o‘tgan 1 360 ta davlat tasarrufidagi ob’ekt va 1 738 ta tadbirkorlik sub’ektida to‘liq tekshiruvlar olib borildi, shuningdek, 981 ta davlat tasarrufidagi ob’ektda qayta tekshiruvlar o‘tkazildi.

– Tekshiruvlar natijalari bo‘yicha yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan yoxud favqulodda vaziyatlar organlari Davlat nazorati inspektorlarining yozma ko‘rsatmalarini bajarmagan 2 ming 512 nafar rahbar, javobgar shaxs va fuqarolarga nisbatan 788 million so‘m miqdorida ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanildi, – deydi viloyat FVB boshlig‘i o‘rinbosari Muhsin Ergashev. – Shuningdek, yong‘in chiqish xavfi ostida foydalanilayotgan 1625 ta bino va inshootlarning ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi, 5452 ta nosoz elektr uskuna, moslama va agregatlaridan foydalanish taqiqlandi.

Ayni paytda oylik doirasida ko‘p kvartirali uylar va yakka tartibdagi uy-joylar, ijtimoiy soha ob’ektlari, shuningdek, ishlab chiqarish korxonalari, bozorlar, yirik savdo majmualari hamda aholi ko‘p to‘planadigan boshqa ob’ektlarda yong‘inlarning oldini olish borasida keng ko‘lamli profilaktika tadbirlari amalga oshirilmoqda. Yong‘inlar, is gazidan zaharlanish yoki havo-gaz aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida “xonadonbay” tartibda aholi o‘rtasida tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. 

Shuningdek, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida, gaz to‘ldirish shoxobchalari va punktlarida, avtomobillarga yoqilg‘i quyish va gaz to‘ldirish shoxobchalarida sanoat xavfsizligi hamda mehnat muhofazasi qoidalariga rioya qilinishi bo‘yicha belgilangan tartibda o‘rganish ishlari tashkil etilmoqda. 

Matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari