9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni
Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi. Unda komplayens va moliyaviy nazorat masalalari haqida so‘z bordi.
Tadbirda, moliyaviy va komplayens nazorat departamentining 2024 yildagi vazifalarini amalga oshirish maqsadida 9 oylik hisobotda 63 ta kompleks o‘rganish o‘tkazilgani, moliyaviy xato-kamchiliklar oldi olinishiga erishilgani qayd etildi. Ushbu davrda 20 ta o‘rganish hujjati huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
– Aniqlangan xato-kamchiliklar yuzasidan 53 nafar xodimga intizomiy jazo choralari ko‘rilgan, – deydi xodim Komiljon Ahrorov. – 18 nafar xodim bilan mehnat shartnomalari bekor qilingan. Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens sohasida tashkil etilgan 170 dan ziyod seminar-treningda 14 ming nafarga yaqin xodim qamrab olingan.
Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi baholanib, “O‘zbekneftgaz” AJ 90 ball bilan yuqori natijaga erishgani, “Ochiqlik indeksi” ko‘rsatkichi bo‘yicha ham o‘sish kuzatilgani ta’kidlandi.
Hamkorlikda shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash, xato-kamchiliklarni aniqlash, ularni bartaraf qilish yuzasidan amaliy ishlar davom etmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari