Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ochiq e’lon qilinishi shart bo‘lgan ma’lumotlarni ayrim hokimliklar nega yashirgan?
11:46 / 2023-03-13

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan hokimliklarda ochiqlikni ta’minlash masalasi alohida o‘rin olgan.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tuman va shahar hokimliklari o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida mahalliy byudjetlarning har chorak yakunida shakllantiriladigan daromadlar va xarajatlar smetasi, rejadan orttirib bajarilgan qismi va mazkur mablag‘lar yo‘naltirilgan maqsadlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirishi belgilangan.  

Xo‘sh, farmon ijrosi qanday bajarilmoqda?  

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan farmon ijrosi o‘rganilib, tahlil qilindi.  

– 2022 yilda 8 viloyat hokimligi tomonidan mazkur ma’lumotlar belgilangan tartibda joylashtirilgani hamda 6  hududda esa farmon talablari bajarilmagani aniqlandi, – deydi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati xodimi Feruza Mirkomilova. – Viloyatlar mahalliy byudjetining orttirib bajarilgan qismining sarflanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar Navoiy, Buxoro, Xorazm va Sirdaryo viloyat hokimliklari tomonidan ochiq va shaffof tarzda batafsil ko‘rsatilgan.  

Toshkent shahri, Toshkent, Surxondaryo, Jizzax viloyati hokimliklari farmon talablarini ijro qilishda uning sohalar kesimida sarflanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ochiqlash bilan cheklanilgan.  

Masalan, Toshkent viloyati hokimligi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarda mahalliy byudjetning orttirib bajarilgan qismidan 623,9 milliard so‘m mablag‘ning sohalar kesimida sarflanishi aks ettirilgan. Xarajatlar tarkibida boshqa xarajatlar ulushi (35 foiz) eng katta bo‘lib, ularning aynan qaysi maqsadlarga sarflangani ko‘rsatilmagan.  

Bunday holatni Jizzax viloyati hokimligi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarda ham kuzatish mumkin. Ya’ni, xarajatlar tarkibida boshqa xarajatlar ulushi 25,4 foizni tashkil etib, ularning aynan qaysi maqsadlarga sarflangani ochiqlanmagan.  

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi tomonidan mahalliy byudjetning rejadan (2022 yil 2-3-4-choraklar bo‘yicha) orttirib bajarilgan qismidan (215,5 milliard so‘m) foydalanilgani to‘g‘risida ma’lumotlar joylashtirilgan bo‘lsa-da, 2022 yil 1 yanvar holatidagi erkin qoldiq mablag‘lari va 1-chorakda shakllangan mablag‘larning sarflanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiqlanmagan.  

Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari tomonidan ochiq e’lon qilinishi majburiy etib belgilab qo‘yilgan ma’lumotlar rasmiy veb-saytga joylashtirilmagan.  

Vaholanki, Andijon viloyati hokimligi tomonidan Ye-qaror.gov.uz  yagona elektron tizimiga joylashtirilgan qaror va farmoyishlar o‘rganilganda 2022 yil davomida mahalliy byudjetning erkin qoldiq mablag‘lari va orttirib bajarilgan qismidan jami 415 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgani aniqlandi.  

Yoki Samarqand viloyati hokimligi tomonidan Ye-qaror.gov.uz yagona elektron tizimiga joylashtirilgan qaror va farmoyishlar o‘rganilganda 2022 yil davomida mahalliy byudjetning erkin qoldiq mablag‘lari va orttirib bajarilgan qismidan jami 337 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgani ma’lum bo‘ldi.    

Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan mahalliy byudjet xarajatlarining 1 oktyabr holatidagi ijrosi hamda viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalar hisobidan xarid qilingan tovarlar va xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtirilgan bo‘lib, farmonda nazarda tutilgan ma’lumotlar ochiqlanmagan.  

Namangan viloyati hokimligi tomonidan viloyat mahalliy byudjetining daromadlari va xarajatlari aks ettirilgan bo‘lib, ushbu ma’lumotlar ham 2022 yil 3-chorak ma’lumotlaridan iborat.  

Qashqadaryo viloyati hokimligi tomonidan esa faqatgina mahalliy byudjetning daromadlari va xarajatlari ochiqlangan.  

Xo‘sh, nega ayrim hokimliklar Prezident farmoni ijrosini to‘liq bajarmayapti? Yoki ochiqlanishi kerak bo‘lgan ma’lumotlar nega yashirildi?  

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA