Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi. Unga ko‘ra, ochiq byudjet portalida aholi uchun yangi interaktiv xizmat – sun’iy intellekt texnologiyasiga asoslangan “AI yordamchi” chat-boti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu raqamli yechim foydalanuvchilarga portalda taqdim etilayotgan imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish hamda zarur ma’lumotlarni tezkor olish sharoitini yaratadi.
Yangi chat-bot yordamida fuqarolar “Tashabbusli byudjet” jarayoniga oid savollar, “Mening maktabim” va “Mening bog‘im” loyihalari haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, “Mahalla byudjeti” yo‘nalishi bo‘yicha qiziqtirgan masalalarga real vaqt rejimida javob olish imkoniga ega bo‘ladi. Tizim foydalanuvchilar murojaatlarini avtomatik tahlil qilib, tegishli ma’lumotlarni qisqa fursatda taqdim etadi.
Soha mutaxassislarining fikricha, mazkur xizmatning ishga tushirilishi davlat byudjeti hamda tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlari yuzasidan ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi. Bu esa fuqarolarning davlat moliyasiga oid axborotlardan xabardorlik darajasini oshirish bilan birga, ularning jarayonlarda faol ishtirokini rag‘batlantiradi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA