Joriy yilning 24-27 yanvar kunlari poytaxtimiz Toshkentda Osiyo olimpiya kengashining (OCA) navbatdagi 46-Bosh assambleya yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Qit’aning 45 ga yaqin mamlakatidan 350 nafardan ziyod sport rahbarlari, o‘nlab xalqaro sport tashkilotlari mutasaddilari, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi ijroqo‘m a’zolari ishtirokida o‘tadigan mazkur tadbirni yuqori saviyada tashkil etishga bag‘ishlangan yig‘ilishda tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi.

Sport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati, sport federatsiyalar va assotsiatsiyalarning mas’ullari ishtirokidagi yig‘ilishda xalqaro ahamiyatga molik tadbirlarni belgilangan talabnomalar asosida moliyalashtirish, ajratilayotgan byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish, shuningdek, mazkur jarayonlar ustidan nazoratni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, Osiyo olimpiya kengashi Bosh assambleyasiga tashrif buyuradigan yuqori martabali mehmonlarni munosib kutib olish, tashkiliy, axborot va xavfsizlik masalalarini muvofiqlashtirgan holda amalga oshirish borasidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA