Joriy yilning 24-27 yanvar kunlari poytaxtimiz Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashining navbatdagi Bosh assambleyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Sport vazirligida Osiyo Olimpiya kengashining navbatdagi Bosh assambleyasiga tayyorgarlik ko‘rish, uning doirasida o‘tadigan tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etishga bag‘ishlangan yig‘ilishda bir qator masalalar muhokama qilindi.

Sport vazirligi, Milliy antidoping agentligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari va mutaxassislar ishtirokida mamlakatimizda OCA Bosh assambleyasi va antidoping sohasidagi xorijiy tadbirlarni tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokamasi davomida xorijiy mamlakatlarning sport sohasi rahbariyati va vakillari yurtimizga kelayotgani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, ko‘plab yo‘nalishlarda, xususan antidoping sohasida xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida OCA Bosh assambleyasi doirasida “Global antidoping boshqaruvini mustahkamlash: uyg‘unlashtirish, muvofiqlik va mintaqaviy hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiya" dasturdan o‘rin olgani qayd etildi.

Mazkur xalqaro anjumanlarni yuqori darajada tashkil etish, xorijiy mehmonlarni kutib olish, sohaga oid dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun takliflar ishlab chiqish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA