Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Obunachi zarar koʻrmasin
18:34 / 2020-10-23

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida mazkur sohaga daxldor tashkilotlarning mutasaddilari ishtirokida 2021-yil davriy bosma nashrlarga obunani tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani oʻtkazildi.


Davlatimiz rahbari Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali yigʻilishda keyingi yillarda “majburiy obuna” bahonasida ixtiyoriy obuna ham yoʻq boʻlgani, natijada mushtariylar oʻz nashrlaridan ajralib qolganini taʼkidlab, bu borada soha mutasaddilarining vazifalari xususida alohida toʻxtalgan, shuningdek, 5-oktyabrda oʻtkazilgan yigʻilishda pochta tizimini isloh etishning dolzarb masalalari muhokama etilgan edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida mazkur sohaga daxldor tashkilotlarning mutasaddilari ishtirokida 2021-yil davriy bosma nashrlarga obunani tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani oʻtkazildi.

“Oʻzbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori vazifasini bajaruvchi Alisher Fayzullayev, “Matbuot tarqatuvchi” aksiyadorlik kompaniyasi bosh direktori vazifasini bajaruvchi Davron Safarov ushbu masala yuzasidan atroflicha maʼlumot berdi.

Jumladan, “Oʻzbekiston pochtasi” AJ pochta aloqasi milliy operatori hisoblanib, mamlakatimizning barcha hududlarida yuridik hamda jismoniy shaxslarga pochta xizmatlari bilan birga mahalliy va chet el nashrlarini obuna va chakana savdo orqali yetkazib berish xizmatini koʻrsatmoqda.

Bugungi kunda davriy nashrlarni tarqatish bozorida mazkur tuzilmaning ulushi yil sayin kamayib bormoqda. 2017-yilda 5 million 697 ming 408, 2020-yilda esa 2 million 50 ming 773 komplekt obuna rasmiylashtirilgan. 2017 va 2020-yillar tahlil etilganda, pochtaning ulushi 65 foizga kamayib ketgan. Bu esa bosma nashrlarning tiraji kamaygani, obuna surʼati pasaygani, pochta tizimida ish oʻrinlari, joylarda aloqa boʻlimlarining qisqargani bilan bogʻliqdir.

Soʻnggi yillarda davriy nashrlarni tarqatish bozorida yurtimiz boʻyicha obuna va matbuot tarqatish bilan shugʻullanuvchi 700 dan ortiq xususiy korxona va firmalar asosan aholi gavjum boʻlgan, serdaromad hisoblangan viloyat markazlari va shaharlarda faoliyat yuritmoqda. Bu hududlarda bitta xizmatga sarflanadigan xarajat miqdori kamligi hamda mijozlar sonining koʻpligi xususiy tuzilmalarni oʻziga jalb etadi.

Davriy nashrlarni yetkazib berish bozorida xususiy firma va korxonalar serdaromad hisoblangan tuman va shahar markazlaridan yirik korxona va tashkilotlar, taʼlim maskanlari, davlat muassasalarini qamrab olishi, serxarajat hisoblangan qishloq joylari, ovullar, togʻli hududlardagi tarqoq joylarga pochta korxonalari tomonidan xizmat koʻrsatilishi bu korxonalarning serdaromad hududlardagi ulushining kamayib ketishiga, tarqoq hududlardagi xizmat koʻrsatish xarajatlarining qoplanmasligiga, davriy nashrlarning isteʼmolchiga oʻz vaqtida yetkazilmasligiga, nashrlarning oylab toʻplanib qolishiga olib kelmoqda.

“Oʻzbekiston pochtasi” AJ tomonidan davriy nashrlarni oʻz vaqtida yetkazib berish va mijozlarga sifatli xizmat koʻrsatish maqsadida mazkur tuzilma tarkibida 14 ta hududiy filial, bitta ixtisoslashtirilgan “Xalqaro pochtamt” filiali, 26 ta tumanlararo hamda 127 ta tuman, shahar pochta aloqa tarmogʻi 1791 ta pochta aloqa boʻlimiga birlashtirib, pochta joʻnatmalarini oʻz vaqtida yetkazib berishda 3 ta avia, 275 dan ortiq avtomobil pochta tashish yoʻnalishlari boʻyicha faoliyat koʻrsatmoqda. Shu bilan birga, shaharlararo yoʻnalishlarda qatnovchi avtobuslar orqali ham qoʻshimcha tarzda yetkazish boʻyicha shartnomalar tuzilib, zarur choralar koʻrilmoqda. Moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqqan holda transport parki doimiy yangilanmoqda. Ishni tezlashtirish uchun pochtachilar skuter va velosipedlar bilan taʼminlanmoqda.

2020-yil iyul oyidan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan davriy nashrlarga obuna boʻlish uchun xonadon yoki ofisdan chiqmasdan pochta.uz, payme.uz va payme mobil ilovalaridan foydalangan holda rasmiylashtirish imkoniyati yaratilgan.

2021-yilgi obuna mavsumi uchun 5606 dona mahalliy va chet el nashrlari obuna katalogi ishlab chiqilib, yurtimizning barcha hududlaridagi pochta korxonalari orqali obuna qabul qilish ishlari boshlangan.

Matbuot anjumanida tahririyatlar va “Oʻzbekiston pochtasi” AJ hamda matbuot tarqatish tuzilmasi oʻrtasidagi ayrim muammolar ham oʻrtaga tashlandi.

Masalan, tahririyatlar va ushbu tuzilmalar oʻrtasidagi shartnomalar bajarilishining koʻngildagidek emasligi, tahririyatlardan katta miqdordagi qarzdorlikka oid muammolar mavjud. Bu esa, oʻz navbatida bosma nashrlar faoliyatiga taʼsir etmay qolmaydi. Pochta sohasi mutasaddilari mazkur holatni pochta faoliyati rivojlanmayotgani, aylanma mablagʻlar va boshqa jihatlarga bogʻliqligi bilan izohladi. Kelgusida esa ushbu kamchiliklarni oʻzgartirish, hududiy filiallar bilan markazlashgan tarzda ishlash, qarzdorlikni grafik tarzda qaytarish orqali hal etilishini bildirdi.

Matbuot anjumani pochta, matbuot tarqatish xizmatlari hamda tahririyatlar oʻrtasidagi munosabatlarga oydinlik kiritish, muammolarni oʻz vaqtida toʻgʻri bartaraf etish yoʻllarini aniqlashtirib olish bilan ham foydali boʻldi.