Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i G‘ofir Aliyev so‘zga chiqib, keyingi yillarda mamlakatimizda mahalla tizimiga berilayotgan e’tibor va imkoniyatlar haqida so‘z yuritib, ishtirokchilarga omad tiladi.

Mahallalarda xonadon va ko‘chalarning obodonligi, ko‘kalamzorlashtirilganligi, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarziga rioya etilishi, mahalla raislarining amalga oshirgan ishlari o‘rganilib, “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan tanlovning tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 33 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Tanlov nizomiga ko‘ra, 1-shartda har bir nominatsiya ishtirokchisi o‘z yo‘nalishida amalga oshirgan ishlarini taqdimot qilishgan bo‘lsa, 2-shartda mahalla raislarining bilim saviyasi, dunyoqarashi, fikrlash qobiliyati, mulohaza yuritishi, shuningdek, sohaga oid qonunchilik hujjatlarini qay darajada bilishi savol-javob asosida sinovdan o‘tkazildi.

Yakunda hakamlar hay’atining xulosasiga ko‘ra, tanlovning “Obod xonadon” yo‘nalishida birinchi o‘rinni Qiziltepa tumani Oboddiyor mahallasi fuqarosi O‘lmas Roziqov, “Obod ko‘cha” yo‘nalishida Navbahor tumanidagi Beshrabod mahallasidagi “Boburshoh” ko‘chasi ko‘chaboshisi Parda Jumayev, “Obod mahalla” yo‘nalishida esa Navoiy shahridagi Taraqqqiyot mahallasi raisi Zarina Rajabova qo‘lga kiritdi.

Tadbir so‘nggida g‘olib va sovrindor ishtirokchilarga boshqarmaning diplom va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri