Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Obodlik ko‘ngildan boshlanadi: Hasharda namanganlik yoshlar g‘ayrat-shijoat ko‘rsatdi
19:46 / 2021-03-13

Mamlakatimiz miqyosida o‘tkazilgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hasharida namanganlik yoshlar ham faol ishtirok etib, shu yurt obodligi uchun daxldorlik hissini tuygan holda g‘ayrat-shijoat ko‘rsatdi.

Namangan shahridagi Davlatobod tumanida joylashgan “Yoshlar xiyoboni” erta tongdanoq O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi xodimlari, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi sardorlari va faollari, boshlang‘ich yoshlar tashkiloti yetakchilari bilan gavjum bo‘ldi.

Yangilanish va yasharish ayyomi – Navro‘z arafasida chin ma’noda yasharishga hozirlik ko‘rish uchun tashkillangan hashar davomida ikki yuzdan ziyod o‘quvchi-talaba yoshlarning sa’y-harakatlari bilan 6,5 gektar maydondan iborat xiyobon hududi chiqindilardan tozalandi, daraxtlarga shakl berildi. Yuz tup manzarali va mevali ko‘chat ekildi.

– Yurtimiz bo‘ylab umumxalq xayriya hasharining o‘tkazilishi haqidagi xabardan ochig‘i quvondim. Boisi, asrlar davomida ajdodlarimizdan bizga qadriyat sifatida shakllanib kelayotgan, odamlar o‘rtasida o‘zaro mehru oqibat rishtalari va do‘stlik fazilatlarini qaror toptirishda muhim o‘rin tutadigan hasharda yeng shimarib, ishlash istagim bor edi, – deydi Namangan yuridik texnikumining birinchi bosqich talabasi Latofat To‘ychiboyeva. – Tengdoshlarim qatorida o‘z ixtiyorim bilan hasharda ishtirok etganimdan xursandman. Obodlik ko‘ngildan boshlanadi. Shunday ekan, inson mana shunday umumxalq yumushlariga o‘z hissasini qo‘shish asnosida qalbi yasharadi, dili quvonchga to‘ladi.

Yoshlar ittifoqining bir guruh sardorlari va faollari tomonidan Namangan shahridagi uch nafar yokka-yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan kishilar holidan xabar olib, mehru muruvvat ko‘rsatildi. Xususan, Dashtbog‘ mahallasida istiqomat qiluvchi tabarruk yoshdagi Xadicha ona Tursunovaning xonadonida uy yumushlariga ko‘maklashildi. Hovlisida obodonlashtirish va bahorgi shudgorlash ishlarining bajarilganidan, alohida e’tibordan keksa momoning ko‘zlari sevinch yoshlariga to‘ldi.

Xayriya hasharida faollik ko‘rsatgan fidoyi o‘g‘il-qizlar Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tashabbusi bilan Navro‘z bayramiga bag‘ishlab tashkil etilgan “Sumalak sayli”ga otlandi. Saylda milliy qadriyat va an’analar, urf-odatlarimiz targ‘iboti sifatida doshqozon atrofida bayramga atalgan laparlar, kuy-qo‘shiqlar yangradi. “Bahru bayt” she’riy bellashuvlari bilan davra yanada qizg‘in tus oldi.

Umumxalq xayriya hasharida Namangan muhandislik-texnologiya instituti jamoasi ham munosib ishtirok etdi. Hashar davomida oliy ta’lim muassasasi atrofini yanada ko‘kalamzorlashtirish maqsadida mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi. Daraxtlar oqlanib, gul ko‘chatlari o‘tqazildi.

Hasharda institut rektori, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Odiljon Mamatkarimov ham qatnashib, oliy ta’lim maskani hududiga turli xil manzarali daraxt ko‘chatlari ekilishida o‘z hissasini qo‘shdi.

“Obod va ko‘rkam mahallam” shiori ostidagi hashar Namangan viloyatidagi mahallalarda, olis va chekka qishloqlarda ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Viloyatdagi mavjud 775 ta mahalla fuqarolar yig‘inining har birida odamlar qalb amri bilan o‘z ko‘chasini obod va ko‘rkam etishga kirishdi. Hududlarga nazar tashlarkanmiz, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari elimizning jips va ahil ekani, ota-bobolarimizdan meros yumushlarga befarq emasligini amalda namoyon etdi. Maktab ostonasiga qadam qo‘ygan jajji bolajondan tortib, yetmish bahorni ortda qoldirgan keksa nuroniygacha, yoshu qari birdek belini mahkam bog‘lab ezgu ishga kirishdi.