Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Obod yurt – toza kelajak uchun
15:33 / 2025-10-24

Andijon viloyatida “Tozalik va ozodalik” oyligi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar yuksak saviyada davom etmoqda. Shu jumladan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyati Kengashi tomonidan “Obod yurt – toza kelajak uchun!” shiori ostida navbatdagi plogging aksiyasi tashkil etildi.

Viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy ta’lim vazirligi Andijon viloyat bo‘limi hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan mazkur tadbirda ikki yuz nafardan ortiq yoshlar, deputatlar, partiya faollari, ayollar va yoshlar klubi a’zolari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari talabalari faol ishtirok etdi.

Aksiya davomida ishtirokchilar Andijon shahrining Alisher Navoiy, O‘zbekiston va Cho‘lpon shoh ko‘chalari, shuningdek, Navoiy bog‘i atrofini chiqindilardan tozalash, yig‘ilgan chiqindilarni maxsus konteynerlarga joylashtirdi. Shu bilan birga, aholiga chiqindilarni to‘g‘ri saralash, belgilanmagan joylarga tashlash ekologiyaga zarar yetkazishi haqida tushunchalar berildi.

– Muhtaram yurtboshimiz tomonidan ilgari surilayotgan ekologik tashabbuslar hayotga tatbiq etilayotgani yoshlarda atrof-muhitga mehr va mas’uliyat tuyg‘usini yanada kuchaytirmoqda. Bugungi aksiyada yoshlarning faolligi, ularning tozalik va ozodalikka intilishi bunga yorqin misoldir, – dedi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyati Kengashi raisi Xurshidbek Yusupov.

Tadbir davomida volontyorlar tomonidan fuqarolarga ekologik madaniyatni yuksaltirishga oid targ‘ibot materiallari tarqatildi. 

[gallery-25901]

Mazkur tashabbus viloyatda atrof-muhit tozaligini ta’minlash, plastik chiqindilarni kamaytirish, ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda yoshlar o‘rtasida vatansevarlik va birdamlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Faxriddin Ubaydullayev,

Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari