Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Obod yo‘llar farovon manzillarga eltadi (+video)
14:55 / 2025-12-26

Yo‘llar bu xalq farovonligi, Vatan taraqqiyotining muhim ko‘zgusidir. Bugungi kunda yurtimiz, xususan Namanganda yo‘llar soni ko‘payib, sifat jihatdan ham yangilanib borayotgani aholi uchun qulaylik va xavfsizlikni ta’minlamoqda.

2009-2016 yillarda 9 trillion so‘m evaziga ming kilometrdan ko‘proq yo‘l qurilgan va 20 ming kilometr ta’mirlangan bo‘lsa, so‘nggi sakkiz yilda bu ko‘rsatkichlar olti barobargacha o‘sgan. Ya’ni, sohaga 58 trillion so‘m ajratilib, 2 ming kilometr yo‘l barpo etilgan, 100 ming kilometri ta’mirlangan.

Ayni paytda Namangan viloyatida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari uzunligi 3 ming 377 kilometrni tashkil etib, ushbu yo‘llardan 3 ming 229 kilometri viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi, 148 kilometri esa “Kamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasi tasarrufida hisoblanadi. Viloyatdagi yo‘l tarmoqlaridan 1003 kilometri davlat ahamiyatidagi, 2 ming 226 kilometri esa mahalliy ahamiyatdagi yo‘llardan iborat. Bu raqamlar hududda yo‘l infratuzilmasining keng va mas’uliyatli ekanini ko‘rsatadi.

– Birlashgan Millatlar Tashkilotining tahliliga ko‘ra, sifatli yo‘llar O‘zbekiston iqtisodiyotining kamida ikki foiz o‘sishiga turtki beradi. Shu bois yo‘l qurilishiga yangicha yondashuvlarni joriy qilib, sifatni oshirish, sohani raqamlashtirish va xususiy sektorni keng jalb qilish muhim ahamiyatga ega, – deydi Namangan viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i Dilshodbek Sayfiddinov. – Yo‘llarni zamonaviy yondashuvlar asosida qurishga e’tibor kuchaydi. Masalan, loyiha hujjatlarining namunaviy andozalaridan voz kechilib, har bir hududning geologik va ekologik xususiyatidan kelib chiqish usuliga o‘tildi. 1 ming 700 ta maxsus texnika xarid qilinib, yo‘l xo‘jaligi korxonalarining ta’minot darajasi oshirildi. Yangi turdagi asfalt-beton, sement-beton qoplamalar joriy etildi. Yangi qurilgan yo‘llarning foydalanish muddati 15-20 yil bo‘ladi. Ularning holati 42 turdagi ko‘rsatkich bo‘yicha tekshirib boriladi. Jahon bankining grant mablag‘lari hisobidan olib kelingan texnikalar yo‘lning fizik xossalarini baholash hamda yer ostidan o‘tgan kommunikatsiya tarmoqlari holatini qoplamani buzmagan holda tekshirish imkonini beradi.

Namanganda yo‘lsozlik sohasi so‘nggi yillarda ulkan o‘zgarishlar va yangilanishlar maydoniga aylandi. Bugun yo‘llarda nafaqat qatnov imkoniyatlari, balki harakat xavfsizligi ham yuqori darajada ta’minlanmoqda. So‘nggi yillarda viloyatda yo‘lsozlik tamomila yuqori bosqichga ko‘tarildi. Yangi yo‘llar va ko‘priklar qurilishi, mavjud yo‘llarni rekonstruksiya qilish ishlari izchil amalga oshirilmoqda.

Namangan viloyati hududida umumiy foydalanishdagi hamda ichki xo‘jalik avtomobil yo‘llarining umumiy uzunligi 14 ming 336 kilometrni tashkil etib, joriy yilda yo‘l infratuzilmasi sohasida 1 ming 488 kilometr yo‘llarda, sakkizta ko‘prikda qayta qurish-ta’mirlash ishlari bajarildi. Kelgusi 2026 yilda 103 ta ob’ektda 550 kilometr avtomobil yo‘llarini ta’mirlash ishlari olib boriladi. Bundan tashqari, yo‘l bo‘yi infratuzilmasini yaxshilash masalasiga alohida e’tibor qaratiladi.

Qayd etish joiz, yo‘lsozlik sohasi faqat asfalt qoplamasi bilan cheklanib qolmaydi. Bugun yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘lovchilar va haydovchilar uchun qulay sharoit yaratish ham asosiy vazifa sifatida qo‘yilgan. Tajribalar shuni ko‘rsatmoqdaki, tartibsiz va to‘g‘ri jihozlanmagan yo‘llarda yo‘l harakati xavfi katta bo‘ladi. Shu boisdan har bir piyodalar yo‘lagi, yo‘l belgisi va chiziqlar alohida ahamiyat kasb etadi. Bosh boshqarma hamda uning tarkibidagi korxonalar tomonidan yo‘llarni ta’mirlash bilan bir qatorda piyodalar yo‘lagi qurish, harakat xavfsizligini ta’minlash ishlariga alohida e’tibor berilmoqda.

Jumladan, Namangan tumani yo‘llardan foydalanish muassasasi tomonidan davlat ahamiyatidagi “D” 113 avtomobil yo‘lining Axsikent arxeologik yodgorligiga olib boruvchi qismida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Yo‘lning 55-62 kilometrlari oralig‘ida qatnov qismini kengaytirish, asfalt-beton qoplama qilish va xavfsiz piyodalar yo‘lagini qurish ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Shuningdek, “D” 105 “Farg‘ona halqa yo‘li”ning 88-89 kilometrlari oralig‘ida hamda “D” 123 yo‘lining 4 kilometrgacha bo‘lgan oralig‘ida ham piyodalar yo‘laklari barpo etilmoqda.

Ayni paytda Davlatobod tumanida qurilayotgan Yangi Namangan shaharchasida ham yo‘lsozlik ishlari qizg‘in davom etmoqda. Bu joyda uch kilometr masofada piyodalar va velosiped yo‘laklari qurilib, asfalt bosish ishlari amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, Davlatobod tumanining To‘raqo‘rg‘on ko‘chasida “24/7” turizm ko‘chasini tashkil etish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Davlat ahamiyatidagi Namangan shahriga kirish avtomobil yo‘lining 4 kilometri qismida zamonaviy muhit va aholi uchun qulayliklar yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha doirasida to‘rt tasmali qilib qurishga mo‘ljallangan 3,1 kilometr masofada yo‘llarni kengaytirish va suv qochirish tizimini yangilash uchun lotok yotqizish ishlari bajarilmoqda.

Viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi tasarrufidagi Uychi va Norin tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasalari tomonidan “Cho‘ja – Norinkapa – Haqqulobod” avtomobil yo‘lining 9-23 kilometrlari oralig‘ida 13 kilometr masofada yo‘llar ta’mirlanib, piyodalar uchun xavfsiz yo‘lak qurish hamda yo‘lning qatnov qismida yog‘ingarchilik tufayli suv to‘planishining oldini olish maqsadida suv qochirish tizimini yangilash uchun lotok yotqizish ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, Namangan mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati davlat muassasasi buyurtmasi asosida Yangi Namangan mahallasining 8 ming 257 metr qismida ichki ko‘chalar asfaltlanmoqda. 

Shu o‘rinda, maktablar atrofida xavfsizlikka ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Mavjud maktablar va ularga yaqin hududlarda yo‘l belgilari, yotiq chiziqlar yangilanib, piyodalar o‘tish joylari aniq va ravshan ko‘rinishda bo‘lishi ta’minlandi. Xususan, Mingbuloq, Uychi, Yangiqo‘rg‘on va boshqa tumanlardagi davlat ahamiyatidagi yo‘llar hamda mahalliy yo‘llarda maktablar oldida piyodalar o‘tish joylari yangidan chizildi. 

Yo‘l chiziqlari ham haydovchilar va piyodalar xavfsizligida asosiy o‘ringa ega. Ayni paytda davlat va mahalliy ahamiyatdagi yo‘llarda yotiq chiziqlarni yangilash ishlari ham jadallik bilan bajarilmoqda. Viloyatdagi eng yirik yo‘llardan biri – “Farg‘ona halqa yo‘li”da bir kunda 30 mingdan ziyod texnika harakatlanadi. Shu boisdan bu yo‘lning soz va ravon holatda bo‘lishi nafaqat Namangan viloyati, balki butun vodiy aholisi uchun ham zarur.

Mamlakatimizda aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan “Tashabbusli byudjet” dasturi ijrosi asosida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga ham xizmat qilmoqda. Ta’kidlash joiz, 2025 yil birinchi mavsumi doirasida 85 ob’ektda 108,1 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 288,2 kilometr ichki xo‘jalik yo‘llari ta’mirlangan bo‘lsa, “Ochiq byudjet”ning joriy yildagi ikkinchi mavsumi davomida 128 ob’ektda 444 kilometr ichki xo‘jalik yo‘llari ta’mirlanib, buning uchun 171,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. 

Mingbuloq tumanining Mulkobod mahalla ahli ko‘chalarining asfalt bo‘lishi uchun “Tashabbusli byudjet”da faol qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi va 3 ming 800 metr qismida ichki ko‘chalar asfalt bo‘ldi. Namangan Mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati davlat muassasasi buyurtmasi asosida Namangan tumani yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan mahallaning Terakzor va Yangi shahar ko‘chalariga asfalt yotqizish ishlari bajarildi. 

– Ochig‘ini aytganda, biz ancha yillardan beri qishda loy, yozda chang ko‘chalarimizni obod bo‘lishini orzu qilib yashar edik, – deydi mehnat faxriysi Orifjon Boyqo‘ziyev. – “Ochiq byudjet” tanlovi orqali fuqarolarning islohotlarda faol daxldorlikka chorlanishi natijasida Namangan tumanidagi Beshkapa mahallamizda yashovchi 4570 nafar aholi o‘zaro hamjihatlik ko‘rsatgan holda, bir yil ichida ikki marotabada “Ochiq byudjet”da g‘oliblikni qo‘lga kiritishga erishdik. Birinchi mavsumning o‘zida 1 milliard 360 million so‘mlik loyiha tufayli ikkita ko‘chada 3,1 kilometrlik yo‘llarimiz asfaltlandi. 

Bir so‘z bilan aytganda, Namangan viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi hamda uning tizimidagi korxonalar tomonidan hududlarda amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘zlangan maqsad harakat xavfsizligini ta’minlash, haydovchi va piyodalar uchun qulaylik yaratish, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga xizmat qilishdir.

Binobarin, yo‘l tizimida har bir loyiha, har bir yangilanish ortida xalqimizning manfaati va fuqarolarning xavfsizligi turibdi. Bu ezgu maqsadlar yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qilayotgan barcha yo‘lsozlarning ishlari tahsinga loyiq.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XZOfyft68_E" title="Obod yo‘llar farovon manzillarga eltadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.