Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Obod va hamjihat mahallalar ko‘paysin
21:15 / 2025-06-21

Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida 2020 yilda sodir bo‘lgan mudhish fojia Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridagi 10 ta mahalla, 23 ta aholi punkti, jami 4711 ta turar, 277 ta noturar joy, 30 ming 718 gektardan ortiq ekin maydonlariga zarar yetkazdi. Suv toshqinidan 4500 ga yaqin xonadon jabr ko‘rdi. Suv birinchi navbatda Sardoba tumanidagi “Qo‘rg‘ontepa” va “Do‘stlik” mahallalariga kirib borgan.

Xalqimizning jipsligi, hamjihatligi va davlatimiz tomonidan ko‘rsatilgan tezkor yordam tufayli ushbu fojia oqibatlari qisqa muddatda bartaraf etildi.

Sardoba tumani hokimligi va O‘zbekiston mahallalar uyushmasi tuman bo‘limi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “press-tur”  tashkil etildi. Tadbir ishtirokchilari Qo‘rg‘ontepa va  Do‘stlik mahallalarida amalga oshirilgan ishlar, aholiga yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.  

– Imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q, –  deydi "Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilgan ko‘p qavatli uyda istiqomat qilayotgan Turdigul momo Hotamova. – O‘sha kungi voqealar hech qachon yoddan chiqmaydi. Bir pasda ko‘plar qatori uy-joyimizdan ayrilgan edik. Prezidentimizga, mehr-oqibatli va saxovatpesha xalqimizga katta rahmat. Bizni yolg‘iz tashlab qo‘yishmadi.  Qisqa fursatda o‘rnini bosadigan, bugungi kunda ko‘rib turganingizdek, zamonaviy turar joy massivi barpo etildi. Gaz, suv, elektr, inson tinch va farovon yashashi uchun nima zarur bo‘lsa, barchasi muhayyo etildi.

– Bu yerdagi sharoit shahar turmush darajasidan farq qilmaydi. Farzandlarimiz, nabiralarimiz o‘qib-o‘rganishlari, doimo sog‘lom bo‘lishlari uchun zamonaviy ta’lim maskani, oilaviy poliklinika bor. Xotin-qizlarimiz ishlab, daromad topishi, oila byudjetini mustahkamlashi uchun hatto tekstil korxonasi qurib berildi. Menimcha, bu – eng katta baxt, – deydi Nasiba momo O‘skanova.

– Mahallamizda qad rostlab turgan 37 ta to‘rt qavatli uylardagi jami 1480 ta xonadonga xizmat ko‘rsatyapmiz,–  deydi “Do‘stlik” uy-joy kommunal xizmat boshqaruv servis kompaniyasi rahbari Ravshan Qarshiyev.–  16 nafar xodimimiz, aytish mumkin, 24 soatlik navbatda faoliyat olib borishadi. Ayniqsa, kommunal tarmoqlarda yuzaga keladigan avariya holatlarini zudlik bilan bartaraf etishga doimiy tayyormiz. Quvur yorilishini ta’mirlashdan tortib, yuqori qavatlardagi singan oynalarni almashtirishgacha bo‘lgan ishlarga vaqt tanlamay kirishamiz. Bu yilgi 170 million so‘m miqdoridagi daromadimiz hisobidan hududdagi ko‘p qavatli uylarning kirish eshiklariga 30 dan ortiq domofon hamda elektr energiyasini tejaydigan, kun botishi bilan inson omilisiz avtomatik tarzda yonadigan yoritish vositalarini o‘rnatdik. Qattiq shamol sababli zarar ko‘rgan ko‘p qavatli uylarning tom qismi ta’mirlandi. Atrofga daraxt ko‘chatlari ekilib, ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Shu bilan birga, 17 nafar imkoniyati cheklangan nogiron va yolg‘iz keksalar kommunal xizmatlar uchun badal to‘lovlaridan ozod etildi.

Darhaqiqat, Sardobada boshlangan izchil islohotlar bugun o‘z samarasi bermoqda. Ishsiz va kam daromadli oilalar soni keskin kamaygan. Qolaversa, ularni bandlikka jalb etish va barqaror daromad manbai bilan ta’minlash yo‘nalishida ishlar izchil davom etmoqda.

Qo‘rg‘ontepa mahallasida 2858 nafar aholi istiqomat qiladi. Bu yerda atrof-muhitni obodonlashtirish, ko‘cha va hovlilarni saranjom-sarishta saqlash, tomorqalardan unumli foydalanish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar diqqatga sazovor.

– To‘rt nafar farzandim,   nabira va chevaralarim bor,–  deydi ushbu mahallada yashovchi Qo‘chqor bobo Qorabekov. – Oilamizga tegishli 25 sotixli tomorqamiz bor. Unda pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, baqlajon, kartoshka kabi sabzavot hamda rezavor ekinlar yetishtiramiz. Kuzda esa ismaloq, sarimsoq piyoz, ukrop va kashnich ekib,  bahorda bozorga chiqaramiz. Maqtanyapti demangu, tomorqaning har bir sotixidan yiliga 5–6 million so‘m, umumiy hisobda 25 sotix yerdan 120-130 million so‘mgacha daromad olamiz.

Qo‘chqor bobo Qorabekov aslida Jizzax viloyatining Zomin tumanidan. Uning bu yerlarga ko‘chib kelganiga qariyb yetmish yil bo‘lgan. Aslida avval bu yurtlarga uning o‘zi emas, balki otasi ko‘chib kelgan. Qo‘chqor bobo dehqonchilikning nozik sir-asrorlarini otasidan o‘rgangan.

– Mahallamizda aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish maqsadida Sayxunobod tumani tajribasi asosida chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik,  tomorqachilik va hunarmandchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Qo‘rg‘ontepa  mahallasi hokim yordamchisi Sherzod G‘aybullayev. — Shu bilan birga mehnat migratsiyasida bo‘lgan yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ular qaytib kelganidan so‘ng bandligini ta’minlash bo‘yicha ham muayyan ishlar olib borilmoqda.

Eng muhimi, Sardoba tumanidagi Do‘stlik va Qo‘rg‘ontepa mahallalarida, shuningdek, boshqa mahallarda ham “Kambag‘allikdan farovonlik sari” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ishlar aholining daromadi oshishiga, kambag‘allikdan chiqishiga, eng muhimi, ertangi kunga nisbatan ishonchining oshishiga xizmat qilmoqda.

G‘ulom Primov,

O‘zA muxbiri