Buxoroliklar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida umumxalq xayriya hasharida faollik ko‘rsatdi.
Hashar davomida viloyatdagi 500 ta mahalla fuqarolar yig‘ini, aholi turar joylari, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, bolalar maydonchalari tartibga keltirilmoqda. Joylarda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari yanada faol olib borilmoqda.
Asosiy maqsad mahallalar, aholi turar joylari, xiyobonlar, istirohat bog‘lari, ziyoratgohlar va qabristonlar va boshqa joylarni obodonlashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashdir.
[gallery-24916]
–Hashar kunlari aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga muruvvat yordamlari ko‘rsatiladi, –deydi xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Abira Huseynova. –Jumladan, viloyatdagi kam ta’minlangan oilalarning uy-joylari hashar yo‘li bilan ta’mirlanadi. Shuningdek, “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin” shiori ostida nogironlar, yolg‘iz keksalar, urush va mehnat fronti faxriylari hamda yordamga muhtoj fuqarolarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilmoqda.
– Hashar, avvalo, inson qalbidan boshlanadigan, unga ezgulik, mehr- muhabbat urug‘ini qadaydigan xalqimizga xos qadriyatdir, – deydi Buxoro davlat pedagogika instituti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Bahodir Ma’murov. – Shu bois ham bugun institut jamoasi hamda ko‘ngilli talaba-yoshlar bilim maskani hududini, qabristonlarni tartibga keltirish, ko‘kalamzorlashtirish va daraxtlarga shakl berish ishlariga kirishdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.