Yurtimizda bayramlarga katta tayyorgarlik ko‘rish, mahalla va ko‘chalarni obodonlashtirish, aholi o‘rtasida hamjihatlik va mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash yaxshi an’anaga aylandi. Shu ma’noda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi “Yangi avlod” mahallasini misol qilish mumkin. Bu yerda “Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkazildi.
Mahallada 1 515 ta xonadon mavjud bo‘lib, unda qariyb 6 800 nafar aholi istiqomat qiladi. Ular orasida yoshlar ham, nuroniy keksalar ham bor. Mahalla xotin-qizlar faoli Feruza Kubayevaning ta’kidlashicha, aholining katta qismi Guliston shahriga yaqinligi sababli tadbirkorlik, savdo-sotiq va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning ko‘pchiligi hokim yordamchisi ko‘magida imtiyozli kredit olib, xonadonlarida issiqxonachilik, parrandachilik va kasanachilik yo‘nalishida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

Umumxalq hasharida mahalla ahli faol ishtirok etdi. Ko‘chalar tozalandi, jamoat joylari obodonlashtirildi. Maqolda aytilganidek: “Ozoda joyda fayz bo‘ladi”. Shu tariqa mahalla ahli mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligini munosib tarzda kutib olmoqda.
Hashar doirasida madaniy-ma’rifiy tadbirlar ham o‘tkazildi. “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostida sport musobaqalari tashkil etildi, keksa avlod vakillari ishtirokida bolajonlar uchun ma’naviy suhbatlar bo‘lib o‘tdi. Mahallaning folklor jamoasi tomonidan tinchlik va osoyishtalikni ulug‘lovchi qo‘shiqlar yangradi.

– Tinch farovon yurtga hashar ham, bayram ham yarashadi. Shunday yurtda yashayotganimdan baxtiyorman, – deydi mahallaning Ma’naviyat ko‘chasida istiqomat qilayotgan mehnat faxriysi Qo‘chqor Usmonov. – Bir zamonlar bu yerlar paxtazor va g‘allazor edi. Hozir esa namunaviy loyihadagi uylar, maktab, bog‘cha, bozor va ishlab chiqarish komplekslari barpo etildi. Buning uchun davlatimiz rahbariga mingdan-ming rahmat aytamiz.

Shu bilan birga, Prezidentning 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirishga oid qarori ijrosi doirasida mahallada ishsiz va daromadsiz qatlam bilan manzilli ishlar tashkil etildi. 94 nafar fuqaro kasb-hunarga yo‘naltirildi, 124 nafar xotin-qiz tikuvchilik, pazandachilik, sartaroshlik kabi yo‘nalishlarda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Yoshlar esa mavjud sohlarga yo‘naltirilmoqda.

– Hokim yordamchisi ko‘magida “Ishga marhamat” monomarkazida tikuvchilikni o‘rgandim, – deydi mahalla ayollaridan Muhabbat Alibekova. – Davlat bergan imkoniyatdan foydalanib, o‘z ishimni boshladim. Bugungi kunda nafaqat o‘zim ishlayapman, balki shogirdlarimga ham hunar o‘rgatyapman.

Hokim yordamchisi Sherzod Sattorovning ta’kidlashicha, mahallaning “drayveri”dan kelib chiqib, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlardan bir nechtasiga imtiyozli kredit ajratilgan va ularning tadbirkorlik faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Shunday qilib, boyovutliklar yurt tinchligi va mustaqilligimizning 34 yillik bayramini qizg‘in mehnat, obodonlik ishlari bilan munosib kutib olmoqda. Umumxalq hasharida amalga oshirilgan har bir ish, qo‘yilgan har bir sa’y-harakat – Vatanga muhabbat va kelajakka sadoqatning amaliy ifodasidir. Birdamlik va hamjihatlik hukm surgan joyda barqarorlik, farovonlik va taraqqiyot mustahkamlanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri