Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki
13:33 / 2023-03-18

Umumxalq xayriya hashari Samarqand viloyatida ham qizg‘in davom etmoqda.

— Registon maydoni har doim xorijlik, mahalliy sayyohlar bilan gavjum bo‘ladi, – deydi Registon ansambli mustaqil direksiyasi rahbari Xonqul Samarov. – Ayniqsa, tabiat taftida iliqlik hukmron bo‘la boshlagach sayyohlar soni ortib bormoqda. Shu bois, har doim hududimiz obodligini, toza-ozodaligini ta’minlash birinchi galdagi vazifamiz sanaladi. bugungi umumxalq hasharini ham jamoamiz bilan ko‘tarinki ruhda o‘tkazyapmiz. Barcha birdek hamjihat bo‘lib, hududni obod qilishga bel bog‘ladik.  

Hududga 500 tupdan ortiq manzarali daraxt va butasimon ko‘chatlar ekildi. Umuman, viloyatda hashar doirasida mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli uylar, binolar, ziyoratgoh va qabristonlar, ariqlar hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirish, daraxtlarni oqlash va shakl berish, hududlarda sanitariya-gigiyenik dezinfeksiya ishlarini amalga oshirilmoqda.  

[gallery-11031]

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyat bo‘limi axborot xizmatining xabar berishicha, xayriya hasharida viloyat bo‘yicha 900 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz ishtirok etmoqda. Hashar davomida 1200 gektardan ortiq yer maydonlari obodonlashtiriladi, 950 tonnadan ortiq maishiy va qurilish chiqindilari chiqarib tashlanadi, 1000 ga yaqin qabriston, 40 ga yaqin ziyoratgoh obodonlashtirilib, 60 ming tupga yaqin manzarali va 30 mingga yaqin mevali daraxt ko‘chatlari ekilishi, shuningdek, 130 kilometrga yaqin ariq va zovurlar tozalanib, 300 mingga yaqin gul ko‘chatlari o‘tqazilishi rejalashtirilgan.  

Bu safargi xayriya hasharida kam ta’minlangan oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, hashar doirasida viloyatdagi 700 ga yaqin yurtdoshimizning xonadonlari ta’mirlab beriladi. Bundan tashqari, 450 dan ziyod ehtiyojmand, 240 ga yaqin nogiron va yolg‘iz qariyalarga qariyb 112 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatiladi. Xususan, “Mahalla” xayriya jamoat fondi huzurida tashkil qilingan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan 93,5 million so‘m sarflanadi. Hashar davomida fond mablag‘lari hisobidan har bir tuman-shahardagi bittadan mahallalarda osh damlanib, “Temir daftar”dagi hamda ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolarga tarqatilishi ko‘zda tutilgan.  

G‘.Hasanov,  

A.Isroilov (surat), O‘zA.