Xalqimizda asrlar osha o‘z mazmun-mohiyatini yo‘qotmay kelayotgan ibratli qadriyatlar bor. Birdamlik, o‘zaro mehr-oqibat, saxovat, o‘zgalar og‘irini yengil qilishdek ezgu tushunchalarni o‘zida mujassam etgan ana shunday qadriyatlardan biri hashardir.
Mamlakatimizda eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayrami arafasida umumxalq xayriya hasharini uyushqoqlik bilan tashkil etish yaxshi an’anaga aylangan.
22-23 avgust (juma-shanba) kunlari “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida umumxalq xayriya hasharini o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.
Aytish kerakki, bu jarayonda umumxalq xayriya hasharini o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi.
Har bir mahallada hashar davomida amalga oshiriladigan ishlar “ko‘chabay” va “xonadonbay” belgilab olindi. Jumladan, mahallalarni obodonlashtirish yo‘nalishida 24,9 ming gektardan ortiq maydonlar obodonlashtiriladi. 19,7 ming tonnadan ziyod chiqindi chiqarib tashlanadi, 21,3 ming kilometr uzunlikdagi ariq va lotoklar tozalanadi.
Yoshlarni jalb etgan holda 10 ming 724 ta qabriston (shundan, 515 tasi ta’mirtalab) obodonlashtiriladi va ta’mirlanadi. 638 ta ziyoratgoh va 143 mingdan ziyod ko‘cha tartibga keltiriladi. 20 milliondan ortiq daraxtlar oqlanib, ularga shakl beriladi.
Hashar davomida ko‘ngli yarim, ko‘makka muhtoj hamyurtlarimizga ham alohida e’tibor ko‘rsatiladi. Jumladan, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida 44 ming 322 ta kam ta’minlangan oilalarning uy-joylari hashar yo‘li bilan ta’mirlanadi. 98 ming 581 ta kam ta’minlangan oilalarning tomorqa maydonlariga ekinlar ekiladi. 61 ming 816 nafar ehtiyojmand oilalar, shu jumladan, 23 ming 650 nafar nogiron va yolg‘iz qariyaning holidan xabar olinib, ularga moddiy yordamlar ko‘rsatiladi.
Shuningdek, hashar kuni jamoatchilik vakillari ishtirokida 450 taga yaqin maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ishlab chiqarish korxonalar, mahalla binolari, bolalar sport maydonchalari va boshqa ijtimoiy ob’ektlar foydalanishga topshiriladi.
Shu bilan birga, har bir mahallada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari, sog‘lom turmush tarzi hamda sanitariya-gigiyenik madaniyatni targ‘ib qilishga oid davra suhbatlari va seminarlar tashkil etiladi.
Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi oldidan tashkil etilayotgan umumxalq xayriya hashari xalqimiz ahilligi va birdamligi, yakdilligining yana bir o‘ziga xos namunasi bo‘lishi shubhasiz.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri