Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida hashar
15:47 / 2025-04-14

Sirdaryo tumanida uyushqoqlik va birdamlik bilan o‘tkazilgan navbatdagi hashar tadbiri jamoatchilikning yuksak faolligi bilan o‘tdi. “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida tashkil etilgan hasharda tumanning 38 ta mahallasida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Ushbu hasharga 1000 ga yaqin aholi vakillari hamda 20 ga yaqin turli texnika vositalari jalb etildi. Natijada 30 tonnadan ortiq chiqindi chiqarilib, 2 kilometrdan ortiq ariqlar tozalandi, 1000 dan ziyod manzarali va mevali ko‘chatlar ekildi.

Tadbir doirasida ko‘chalar, turarjoylar, ijtimoiy ob’ektlar va ular atrofi yanada orasta holatga keltirildi. Shu bilan birga, aholiga tegishli 27779 ta xonadonga qarashli 3160,5 gektar yer maydonida sabzavot, poliz, ozuqa va rezavor ekinlar ekish ishlari ham bajarildi. Bu o‘z navbatida dasturxonlarimizning to‘kinligi, har bir xonadonning farovonligi uchun xizmat qiladi.

– Xalqimizda “Hashar elga yarashar” degan naql bor. Qadimdan ota-bobolarimiz mahalla, guzar, ko‘cha-kuyni birgalashib tozalashni go‘zal an’anaga aylantirishgan. Bu udum bugungi kunda ham bardavom. Shu boisdan Sirdaryoda “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida o‘tkazilgan hasharda nafaqat aholi vakillari, balki davlat va nodavlat tashkilotlar xodimlari ham faol ishtirok etdi, – deydi mahallalar uyushmasi tuman bo‘limi boshlig‘i Hasan Baratov.

Mazkur tadbir mehnat bilan, shodu xurram muhitda, birdamlik ruhida o‘tdi. Hashar doirasida sport- sog‘lomlashtirish musobaqalari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar ham tashkil etilib, mahallada yashovchi aholining jipsligi va do‘stona munosabatlari yanada mustahkamlandi.

– Haqiqatan ham bunday hasharlar yurtimizdagi ahillik va hamjihatlikni yanada mustahkamlaydi. Har kim o‘z mahallasini toza, obod ko‘rishni istaydi. Hasharda qariyalardan tortib yoshlar, hatto bolalar ham o‘z hissasini qo‘shdi. Hamma birgalikda ishlaganda mahallada samimiy muhit yaratiladi. Menimcha, shunday tadbirlar nafaqat atrof-muhitni obod qilish, balki ko‘ngillarni ham nurli qilishga xizmat qiladi, – deydi "Quyosh" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Manzura Tavbayeva.  

[gallery-22788]

Xullas, bu kabi tadbirlar Sirdaryoda muntazam o‘tkazilayotgani  yurtimizda mahalla institutining mustahkam poydevorga ega ekanini, xalq va davlatning hamkorlikda yurt ravnaqi uchun yelkadoshlik qilayotganini yana bir bor isbotladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri