Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosi qay darajada ta’minlanmoqda?
09:43 / 2023-05-27

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar hamda Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitalarining kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda mutasaddi idora va vazirliklarning “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi va boshqa davlat dasturlarida belgilangan vazifa va ishlarning bajarilishi to‘g‘risida»gi axboroti eshitildi.

– Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarini hayotga tatbiq etish doirasida uy-joylarni ta’mirlash va aholi punktlarini obodonlashtirish, ichimlik suvi va elektr energiyasi tarmoqlari, mahalliy va ichki yo‘llarni qurish-ta’mirlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi, – dedi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Durbek Ahmedov. – Nafaqat ko‘chalar infratuzilma holatini yaxshilash, balki u yerda yashovchi aholining daromadi ko‘payishi, ijtimoiy ob’ektlar to‘liq ishlashi uchun ham shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ayniqsa, “Temir daftar”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan yurtdoshlarimizni ish bilan ta’minlash orqali ularni ushbu ro‘yxatdan chiqarish vazifalari amalga oshirilyapti.  

Yig‘ilishda Bosh prokuratura bo‘lim boshlig‘i Abdurahim Muhitdinov dasturlar ijrosi yuzasidan prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan holatlar yuzasidan ma’lumot berdi:  

– “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasidagi o‘n mingdan ortiq ob’ektlar Bosh prokuratura tomonidan tashkil etilgan elektron dasturga kiritilib, nazorat o‘rnatilgan. Ob’ektlar loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, ekspertiza va tender savdolarini o‘tkazish, ajratilgan mablag‘larni maqsadli yo‘naltirish, shuningdek, ob’ektlarni o‘z vaqtida topshirish borasida muammolar mavjud. Xususan, dasturlar doirasidagi ayrim ob’ektlar o‘z vaqtida topshirilmagan, ayrimlariga mahalliy byudjetdan ajratilishi lozim bo‘lgan mablag‘lar o‘z vaqtida ajratilmagan. Ayrim joylarda esa ob’ektlar qurilishi uchun yer ajratilmagan. Masalan, Zangiota va Toshkent tumanlarida maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilishi uchun yer ajratilmagan. Bir qancha loyihalar bo‘yicha noto‘g‘ri yoki ortiqcha hisoblangan mablag‘lar aniqlanib, byudjetga qaytarildi. Dasturlar ijrosiga mas’uliyatsiz yondashgan 656 nafar mansabdorga ogohlantirish, 362 nafariga intizomiy va ma’muriy, 28 nafariga jinoiy javobgarlik belgilangan, – dedi prokuratura vakili.  

Shuningdek, eshituvda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jalol Arashov ob’ektlardagi qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarining holati va sifati borasida axborot berdi.  

Muhokamalarda deputatlar dasturlar doirasida rejalashtirilgan qurilish, obodonlashtirish va boshqa ishlar uchun ajratilgan mablag‘lardan maqsadli va samarali sarflanishi borasida mavjud muammo va kamchiliklarga e’tibor qaratdi. Dasturlarga kiritilgan ob’ektlarning loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish hamda tender savdolari “Byudjet nazorati” elektron dasturi orqali nazorat qilib borilishi holatiga to‘xtalib o‘tildi.  

Shuningdek, xalq vakillari joylardagi uchrashuvlarda ushbu dasturlar ijrosini muntazam o‘rganib borish zarurligini bildirdi. Ayniqsa, maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasasi kabi ijtimoiy ob’ektlar qurilishida sifatli qurilish mahsulotlari ishlatilishi lozimligi, buni nazorat qilish zarurligi aytildi.  

Savol-javoblardan so‘ng mazkur dasturlar ijrosi yuzasidan samarali parlament nazoratini olib borishga kelishib olindi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA