Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Obod qishloq” dasturi amalda: uzoq ovulda asfalt yo‘l umuman bo‘lmagan
19:13 / 2021-09-28

Buxoro viloyati Peshku tumani markazidan 200 kilometr uzoqlikda joylashgan «Jongeldi» mahalla fuqarolar yig‘inida «Obod qishloq» davlat dasturi asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qozoq millatiga mansub qardoshlarimizdan tarkib topgan ovulda 740 nafar aholi istiqomat qiladi. Cho‘lquvarlar ovulida zarur infratuzilma – elektr energiyasi, yo‘l, issiqlik tizimi, iste’molga yaroqli toza ichimlik suv ta’minoti, suvoqava tarmog‘ini qurish va talab darajasida ta’minlash ishlari ayni avjida.

2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasini elektr energiya bilan ta’minlash konsepsiyasini amalga oshirish doirasida hamkor tomon Saudiya Arabistoni davlatining «ACWA POWER” kompaniyasi bilan mamlakatimiz Energetika vazirligi o‘rtasida bitim tuzilgan. Unga muvofiq, olis cho‘l massivi «Jongeldi» MFY da 500 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish va ekspluatatsiya qilish loyihasi ishlab chiqilgan. Bu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 23 fevraldagi «Buxoro viloyatining Peshku tumanida quvvati 300-500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq amalga oshirilmoqda.

[gallery-4085]

– Ovulimizda ichimlik suv mavjud buloqlardan, suv manbalaridan tashib keltiriladi, – deydi «Jongeldi» MFY raisi Muhammad Kamolov. – Hozirda 180 ta xonadon suv bilan ta’minlangani barchani xursand qilmoqda. «Obod qishloq» Davlat dasturi asosida Jongeldi, Qal’a ota va Safron qishloqlarida keng ko‘lamdagi qurilish va ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan. Masalan, ayni paytda 74 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olayotgan 24- umumta’lim maktabi binosi 300 o‘rinli zamonaviy va shinam inshoot sifatida yangidan qurib berildi. Uning qurilishiga 2,5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Cho‘lquvarlar ovulida shu paytgacha asfalt yo‘l bo‘lmagan. Mavjud yo‘l esa ta’mirtalab ahvolda edi. So‘nggi bir oyda hududdagi 4 kilometrdan ortiq ichki yo‘l asosi qurilib, shag‘al bostirilgan bo‘lsa, markaziy ko‘chaning 2 kilometri tuman yo‘lsozlari, maxsus transport ko‘magida eni 5 metr o‘lchamda asfaltlashtirilgani jongeldiliklar uchun katta qulaylik bo‘ldi. Bu jarayonda 20 ga yaqin ishchi-mutaxassis, o‘ndan ortiq maxsus texnika vositasida 1 ming 160 tonna asfalt-beton xom ashyosi o‘zlashtirilgan.

– Viloyat hokimining bultur yangi yil arafasida ovulimizga tashriflaridan so‘ng qishloq vrachlik punktimiz qayta qurib berilgani biz uchun katta voqea bo‘ldi, – deydi tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli «Jongeldi» qishloq vrachlik punkti bosh shifokori Gulnar Ayimbetova. — Avval sog‘ligidan shikoyat qilib kelgan bemorni oddiy laborator tekshiruvlaridan o‘tkazish uchun ham tuman markaziga yo‘llagan bo‘lsak, endilikda zamonaviy va shinam qurilgan poliklinikamizda zarur barcha shart-sharoit hozirlangani ovuldoshlarimizga shu yerning o‘zida sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini bermoqda. Elektrokardiogramma, ultratovushli tekshiruv apparatlariga, qolaversa, umumiy amaliyot shifokorlari bilan birga terapevt, pediatr mutaxassislarimizga, 30 o‘rinli kunduzgi statsionar, bolalar bo‘limiga ega ekanligimiz imkoniyatlarimizni oshirmoqda.

«Obod qishloq» Davlat dasturi asosida poliklinikani qurish va jihozlash ishlariga byudjet hisobidan 3,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, zamon talabiga javob beradigan inshootning muhandislik–kommunikatsiya tarmog‘i, ya’ni muqobil isitish qozonxonasi, elektr energiyasi va toza suv ta’minoti shay holga keltirilgan.

Olis ovulda bo‘layotgan bu kabi o‘zgarishlar yurtdoshlarimizni ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, oilalar moddiy manfaatdorligi va turmush darajasini yaxshilashda katta ahamiyat kasb etmoqda.

 

Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA