Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Obod mahalla, ko‘cha va xonadon aniqlandi
19:31 / 2025-11-29

Hududlar infratuzilmasini rivojlantirish, ko‘cha va xonadonlar osoyishtaligi hamda obodligini ta’minlash, sog‘lom ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlash, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga e’tibor qaratishda mahalla institutining o‘rni beqiyos.

Namanganda O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” tanlovining viloyat bosqichi ham ayni shu ezgu maqsadga yo‘naltirildi.

Tanlovning dastlabki saralash bosqichi Namangan viloyatidagi mavjud 754 mahallani qamrab olib, mezonlarga ko‘ra, eng namunali ishtirokchilar aniqlangan edi. Shahar, tuman bosqichlaridan muvaffaqiyatli saralangan qatnashchilar viloyat ko‘rigida o‘zaro bellashdi.

Davlatobod tumanida joylashgan madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan yakuniy tanlovda Namangan viloyati hokimining o‘rinbosarlari Jamshid Hotamov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi, senator Ikromxon Najmiddinov, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Ahadjon Mirzayev tanlov ishtirokchilarga omad tiladi.

Tadbirda “Obod xonadon” va “Obod ko‘cha” nominatsiyalarida “Mahalla yettiligi” xodimlari va faollar hududlarda olib borilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari ifoda etilgan fotoalbom va videoroliklar taqdimoti bilan ishtirok etdi. “Obod mahalla” nominatsiyasida esa mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari taqdimot bilan bir qatorda savol-javob jarayonida tajriba, mahorat va tashabbus yaqqol ko‘zga tashlandi. 

Tanlovning yakuniy natijalariga muvofiq, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Qizilyozi mahallasi Namangan  viloyatdagi eng yaxshi “Obod mahalla”, deb topildi. “Obod xonadon” nominatsiyasida esa Yangi Namangan tumanidagi Tinchlik mahallasida istiqomat qiluvchi Xoshimjon Do‘lmonov xonadoni g‘olib sifatida e’tirof etildi. Namangan tumanidagi Navro‘z mahallasidagi “Gulbahor” ko‘chasi esa viloyatdagi eng “Namunali ko‘cha” nomiga munosib ko‘rildi. Ushbu g‘olib-sovrindorlar ko‘rik-tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqni qo‘lga kiritdi.

Tanlov g‘oliblari va faol qatnashchilari O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan diloam va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.