Xorazmda aholining hayot sifatini oshirish, yashash muhitini yanada obod va go‘zal etish maqsadida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan e’lon qilingan "Obod xonadon", "Obod ko‘cha", "Obod mahalla" ko‘rik-tanlovining mahalla bosqichlari o‘tkazilmoqda.
Ko‘rik-tanlovning asosiy maqsadi aholining faolligini oshirish, hamjihatlikni kuchaytirish, mahallalarda farovon va toza muhitni yaratish hamda yoshlarda mehnatsevarlik, mas’uliyat tuyg‘usini shakllantirishdan iborat.
Tanlov nafaqat obod muhit yaratishga, balki fuqarolarda Vatan ravnaqi uchun mas’uliyat va fidoyilik tuyg‘usini mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.
– Viloyatdagi 509 ta mahallaning har birida mazkur tadbir orqali aholi o‘rtasida tozalik, tartib-intizom va vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirish, xonadonlar va ko‘chalarni yanada go‘zal maskanga aylantirish maqsad qilingan, – deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Odilbek Ortiqov. – Komissiya a’zolari tomonidan xonadonlar va ko‘chalar holati chuqur o‘rganilib, tozalik, obodlik, yashillik darajasi hamda aholi faolligi asosida baholandi. Natijada eng namunali xonadon va ko‘chalar aniqlandi.
[gallery-26280]
Bog‘ot tumanidagi Oq tepa mahallasidagi tanlov doirasida hududdagi 1 ming 170 ta xonadon va 39 ta ko‘cha saralashdan o‘tdi. Baholash jarayonida mahalla yettiligi va faollar ishtirok etib, belgilangan mezonlar asosida obodlik, tartib-intizom va yashash muhitining namunaviy holati o‘rganildi. – Bu jarayon mahallada yashash madaniyatini yuksaltirish, fuqarolar o‘rtasida hamjihatlikni kuchaytirish va obodlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, – deydi Oq tepa mahallasi raisi Umidjon Bobojonov. – Asosiy maqsadimiz mahallamizni yanada ko‘kalamzorlashtirish, farovon muhit yaratish va fuqarolarimiz tashabbuskorligini rag‘batlantirishdir.
Shovot tumanidagi Beshmargan mahallasida 4 ta ko‘chada jami 582 ta xonadon tanlovda ishtirok etdi. Mahalla aholisiga ko‘ra, g‘oliblikdan muhimroq jihat har bir xonadonning obod bo‘lishi. Chunki “xonadon obod bo‘lsa – mahalla, mahalla obod bo‘lsa – yurt obod bo‘ladi”, deydi ular.
– Tanlov e’lon qilinganidan beri har birimiz uyimizga yanada go‘zallik bag‘ishlash, ko‘rkam muhit yaratish uchun astoydil harakat qilyapmiz, – deydi mahalla faoli Nargiza Matkarimova. – Nuroniylarimizning duolari, yoshlarimizning hasharlardagi faol ishtiroki mahallamizni yanada tarovatli qilishga hissa qo‘shmoqda.
Viloyatning chekka hududlaridan bo‘lgan Tuproqqal’a tumanidagi 20 dan ortiq mahallada ham tanlov yuqori saviyada o‘tkazilmoqda. Xususan, Nurobod mahallasida “Mahalla yettiligi” tomonidan 10 ta ko‘cha va 594 ta xonadon ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijalarga ko‘ra, “Musaffo” ko‘chasi “Obod ko‘cha”, Navro‘zbek Karimovning xonadonlari esa “Obod xonadon” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi.
Ko‘rik-tanlovning yakuniy bosqichida har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar 30 va 50 million so‘m miqdorida pul mukofotlari hamda avtomobil bilan taqdirlanadi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari