Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Obod bo‘layotgan ziyoratgoh
17:49 / 2026-01-02

Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi Qilichmozor qishlog‘ida Qutayba ibn Muslim (r.a.) nomi bilan ataluvchi ziyoratgoh va maqbara bor. Tarixchi Muhammad Narshahiyning “Buxoro tarixi” asarida “Qutaybaning qabri Farg‘ona (vodiy)da mashxur bo‘lib, “Raboti saroxang” degan joyda “Kox” deb ataladigan (hozirgi Qilichmozor) bir qishloqda. Odamlar ziyorat uchun hamisha u yerga borib turadilar” deb yozilgan.

Qilichmozor qishlog‘idagi Qutayba ibn Muslim (r.a.) maqbarasi ustiga o‘rnatilgan toshga shunday bitiklar yozilgan: “Va ul odamlarki, Alloh yo‘lida o‘ldirildilar, alarni o‘liklar deb gumon qilmagin. Balki alar tirikdurlar. Parvardigorlarn qoshida alarg‘a rizq berilur”. Oli Imron surasi, 169-oyat.     

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qutayba ibn Muslim (r.a.) (660 - 715) yirik islom fotihlaridan bo‘lib, harbiy sarkarda, tajribali lashkarboshi edi. Milodiy 706 yilda xalifa Yusuf Hajjoj Abdumalik ibn Marvon farmoni bilan Xuroson amiri lavozimiga tayinlangan va unga Movarounnahrni fath etish vazifasi yuklatilgan. Qutayba (r.a.) 706-713 yillarda to‘liq g‘alaba qilib, o‘lkaga islom dinini olib kirdi va uni mustahkamligi uchun ulkan zamin yaratdi.  

Yusuf Hajjoj vafotidan so‘ng uning o‘g‘li Sulaymon ibn Abdulmalik taxt talashib Qutayba (r.a.) qo‘shini orasida isyon uyushtiradi. Lashkarboshisi Vaki’ ibn Xassan sarkardani qatl etadi. Qatl etilgan sarkarda yaqinlari va farzandlari bilan Farg‘ona vodiysidagi qishloqlardan biriga dafn etiladi.  

Ayrim manbalarda keltirilishicha, Sohibqiron Amir Temur Qutayba (r.a.) dafn etilgan joyni muqaddas bilib, buyuk islom sarkardasining qabri ustiga Samarqanddan me’mor jo‘natib, ko‘rkam va mahobatli maqbara qurdirgan. Bu maqbara 1935 – 1936 yillarda buzib tashlangan.  

1975 - 1978 yillarda Andijon viloyati birinchi rahbari bo‘lib ishlagan Bektosh Rahimov tashabbusi bilan buzib tashlangan, xaroba holga kelib qolgan maqbara milliy me’morchilik an’analari asosida qayta qurilgan. Ikki xonali maqbaraning asosiy xonasi tashqaridan kvadrat shaklida bo‘lib, ichkarisi sakkiz burchakli, tomonlari chuqur mehrobsimon ravoqlar bilan ko‘tarilib, diametri 5,5 metrli gumbaz bilan yopilgan, gumbaz o‘rtasida esa qabr joylashgan bo‘lib, maqbara g‘arbidagi dahliz ziyoratchilar uchun mo‘ljallangan edi.

Qutayba ibn Muslim (r.a.) dafn qilingan mazkur joy haqida tarixchi Narshaxiy, XVI asr muarrixi Jamol Qarshiy, akademik V.V.Bartold asarlarida ham turli ma’lumotlar keltirilgan.  

Islom tarixi sahifalaridan munosib o‘rin olgan ulug‘ zot nomi bilan ataluvchi mazkur ziyoratgoh 2006 yilda tarixiy va madaniy meros ob’ekti, ziyoratgoh sifatida davlat muhofazasiga olingan. 

Bugungi kunga kelib, ushbu maskan viloyatning eng obod ziyoratgohlaridan biriga aylangan. Bir necha yildirki bu yerda qurilish, obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Ziyoratgoh majmuasining qurilishi, obodonlashtirish ishlarida Jalaquduq tumanidagi korxona, tashkilotlar, fermer xo‘jaliklari, tadbirkorlar, qo‘yingki, juda ko‘p saxovatpesha insonlar yaqindan yordam bermoqda. Tuman hokimligi, xususan, tuman hokimi Hikmatullo Latipovning sa’y-harakati bilan juda katta hajmdagi tashkiliy ishlar amalga oshirildi.  

Bugungi kunga kelib butunlay yangi qiyofa kasb etgan ziyoratgohga olib boruvchi yo‘l kengaytirilib, ikki chetiga manzarali daraxtlar ko‘chatlari ekildi,  ko‘plab savdo, ovqatlanish va maishiy xizmat shoxobchalari barpo etildi.  

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari