“Gullar shahri” nomi bilan mashhur Namangan shahri Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, yangilanishlar va keng qamrovli bunyodkorlik ishlari natijasida yanada ko‘rkamlashib, mamlakatimizning e’tiborga molik, jozibador va maftunkor, chin ma’noda “tashrif qog‘ozi” ga aylangan yirik maskanlaridan biriga aylandi.
– O‘tgan 2021 yilni salmoqli natijalar bilan yakunladik, – deydi Namangan shahar hokimi G‘ofurjon Jamolov. – Jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi, xalq iste’mol mollari, qurilish ishlari, chakana savdo aylanmasi, xizmatlar hajmi, byudjet daromadlari ortig‘i bilan bajarildi. Aholi turmush farovonligini oshirish hamda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” dasturlari doirasida 7 ming 353 nafar fuqaro va tadbirkorlarga oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligi rivoji uchun 141,4 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratib berildi. Bu 2020 yilga nisbatan 1,8 barobar ko‘p. “Insonga baliq emas, qarmoq berish kerak”, deganlaridek, ishsizlikni kamaytirishga yangicha yondashuvlar o‘z samarasini bermoqda. “Ishga marhamat” monomarkazida to‘rttadan ortiq zamonaviy yangi kasb yo‘nalishlarini o‘rganish yo‘lga qo‘yildi. Chet eldan qaytganlar, ishsiz yoshlar va xotin-qizlar qiziqishlaridan kelib chiqqan holda tegishli kasb-hunarga o‘qitilmoqda.
bugungi kunda ayrim korxona, tashkilot, muassasalarda ishlayotgan ishchi-xizmatchilarga mehnat daftarchalari yuritilmagani, ularga konvert usulida ish haqi to‘lab kelinayotgani, afsuski, ayni haqiqat. Bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish, ish o‘rinlarini legallashtirish maqsadida 317 ta korxona o‘rganilib, ulardagi 1 ming 355 ta ish o‘rni legallashtirildi va natijada byudjetga 2,1 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ undirildi. So‘nggi yillarda Namangan shahrining o‘sish nuqtalari, ya’ni “drayver”i hisoblangan kichik sanoat zonalarini rivojlantirish va ularning sonini oshirish borasida qator amaliy ishlar qilinmoqda. Butun Respublikaga “Namangan tajribasi” sifatida keng ommalashtirilayotgan ana shunday sanoat hududlari soni 11 taga yetdi. Jami 186,3 gektarni tashkil qiluvchi mazkur KZSda umumiy qiymati 2,3 trillion so‘m bo‘lgan 328 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 26 ming 119 ta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Ayni paytga kelib mazkur kichik sanoat zonalarida 1,3 trillion so‘mlik 153 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 13 ming 881 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Ishga tushgan korxonalarda 512 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, 2,6 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. Masalan, Dashtbog‘ mahallasida barpo qilingan kichik sanoat zonasidagi “Haqiqat sari savdo“ va “Dreamliner Textile“” korxonalari tomonidan tikuvchilik mahsulotlari hamda “Aziz dizayn servis” MCHJ tomonidan sumka mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Shaharda investitsiya va mahalliylashtirish dasturlari ijrosi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ham e’tiborga molik. Davlatimiz rahbarining viloyatga tashriflari davomida Namangan shahrida 2021-2022 yillarda umumiy qiymati 2,2 trillion so‘mlik jami 209 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish hisobiga sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida 11 ming 590 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida qiymati 1,1 trillion so‘mga teng 156 ta loyiha foydalanishga topshirildi. Buning natijasida esa 7 ming 218 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.
– O‘tgan yillar davomida maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tufayli yangi tizim zamon talablari darajasida modernizatsiya qilinmoqda. Bolalarning sog‘lom o‘sishi va tizimli o‘qitishga tayyorlash uzluksiz ta’limning boshlang‘ich qismi bo‘lgan MTMlarning ustuvor vazifasiga aylandi, – deydi Namangan shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Islomjon Sayfiddinov. – O‘tgan yil yakunlari bilan Namangan shahrida 3-6 yoshli bolalar 58 ming 516 nafarni tashkil etib, shundan, 27 ming 156 nafarini yoki 46,4 foizini maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olishga erishildi. Oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini ochish bo‘yicha 96 ta bitim tuzilib, 2 ming 559 nafar bolani bog‘achaga qamrab olish imkoniyati yaratildi.
Davlatimiz rahbarining viloyatga tashrifi davomida berilgan topshirig‘iga ko‘ra, Namangan shahrida loyiha qiymati 50,4 milliard so‘m bo‘lgan 10 ta yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 9 tasida qurilish ishlari yakunlandi. Bitta ob’ektning qurilish ishlari joriy yilda yakunlanadi.
– Yurtimizda “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, degan g‘oya asosida xalq ta’limi tizimida ulkan o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda, – deydi Namangan shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri Jahongir Lutfullayev. – Prezidentimiz ilgari surgan Beshta muhim tashabbus doirasida shahrimiz o‘quvchilarining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun 2021 yilning o‘zida 581,3 million so‘m mablag‘ hisobiga 378 nafar o‘g‘il bola duradgorlik, kompyuter savodxonligi, axborot texnologiyalari yo‘nalishida va chilangarlik, 832 nafar qiz pazandachilik, chevarchilik to‘garaklarida kasb-hunarga o‘qitildi. Bundan tashqari Koreya Respublikasining “Eksimbank” kredit mablag‘lari hisobidan “Maktab ta’limida axborot-kommunikatsion texnologiyalarini yanada rivojlantirish” loyihasi asosida shahardagi 43 ta maktabga 43 ta to‘plam (715 dona) kompyuter texnikalari keltirildi.
“Obod mahalla” dasturi doirasida shaharda qolgan 103 ta mahallaning ham arxitektura qiyofasini yangilash va hududlarini obodonlashtirish bo‘yicha jami 748 milliard so‘mlik ishlar rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 596 milliard so‘mlik ishlar bajarildi. Namangan shahrida keyingi yillarda zamonaviy uy-joylarni qurish bo‘yicha yangi davr boshlandi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Buning tasdig‘ini so‘nggi to‘rt yilda avvalgi yillarga nisbatan 5-6 barobar ko‘p uy-joylar barpo etilganini yaqqol ko‘rish mumkin.
Jumladan, Davlatobod tumanidagi Elobod mahallasi hududida 3 ta 15 qavatli 270 ta xonadonli uy-joy qurilmoqda. Shu bilan birga 14 ta uy-joydagi 530 ta xonadon imtiyozli ipoteka kredit mablag‘lari hisobidan fuqarolarga ajratilib, davlat tomonidan 8,1 milliard so‘m subsidiyalar ajratib berildi. Shahar aholisining toza ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasi 92,3 foizni tashkil etadi. Joriy yilda shahar hududida 15,2 kilomter ichimlik suv tarmog‘i tortildi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 60 million dollar miqdoridagi krediti doirasida jami 53,2 kilomter uzunlikdagi eskirgan ichki ichimlik suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish ishlari boshlanadi. Ushbu loyihani amalga oshirish natijasida ichimlik suv isrof bo‘lishiga barham beriladi.
Joriy 2022 yilda Namangan shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini yuksaltirish borasida bir qator ustuvor vazifalar belgilab olingan. Eng avvalo, “mahallabay” ishlash orqali aholining tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularni daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash orqali turmush sharoitini yaxshilash, “ijtimoiy daftar” larga kiritilgan yordamga muhtoj ehtiyojmand aholiga manzilli yordam ko‘rsatish hamda kambag‘allikni qisqartirishga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 130 milliard so‘m miqdoridagi imtiyozli bank kreditlari evaziga 5,5 ming nafar aholi bandligi ta’minlanadi. “Bandlikka ko‘maklashish” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 628 nafar fuqaroga 2,7 milliard so‘m subsidiya ajratiladi. Shuningdek, aholini birinchi navbatda yoshlar va ayollarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka o‘qitish uchun 1,3 milliard so‘m stipendiya tayinlanadi.
Namangan shahri aholisi so‘nggi besh yilda 152 ming nafarga ko‘paygan. Shu davrda 300 dan ziyod ko‘p qavatli uylar qurilib, qariyb 65 ming fuqaro yangi xonadonga ega bo‘lgan. Ta’kidlash joizki, “Yangi Namangan” shaharchasi loyihasining birinchi bosqichida 330 gektar maydonda 8 ming 500 xonadonli 184 ta uy-joy barpo etildi. Shuningdek, 145 gektar maydonda kichik sanoat zonalari tashkil etilib, 10 ming yangi ish o‘rni yaratildi. Qolaversa, bugungi kunda Namangan shahrida 30 ming fuqaroning uy-joyga ehtiyoji bor. Kelgusi yillarda shahar aholisi yiliga 25 ming nafarga ko‘payishi kutilmoqda. “Dashtbog‘” va “Barkamol avlod” kichik sanoat zonalarida umumiy qiymati 346 milliard so‘mlik 68 ta loyiha amalga oshiriladi. Buning samarasida kichik sanoat zonalariga yondosh bo‘lgan 15 ta mahalladagi 2,5 mingdan ortiq aholi doimiy ish bilan ta’minlanadi.
Sohil mahallasida 10 gektar yer maydonida mebelchilikka ixtisoslashgan “Oyqiron” kichik sanoat zonasini tashkil etish rejalashtirilib, e-auksion.uz sayti orqali jami 81 ta lot joylashtirilgan. Ushbu kichik sanoat zonasida umumiy qiymati 430 milliard so‘mlik 81 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 4,5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Joriy yilda Namangan shahrida umumiy qiymati 1,2 trillion so‘mlik 5 ta yirik loyihani amalga oshirish natijasida 4,8 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Xususan, “Art Soft Holding” MCHJ 420 milliard so‘m investitsiya hisobiga choyshab mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirib, 1 ming 570 ta yangi ish o‘rni ochishni ko‘zda tutmoqda.
Investitsiya dasturi doirasida ta’lim, madaniyat sohalari, shuningdek, ichimlik suv va oqova suv, avtomobil yo‘llari, gaz, irrigatsiya tarmoqlari, elektr singari 68 ta ob’ektda 208,7 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarilishi rejalashtirilgan. Bolajonlarning bog‘cha qamrovini oshirish, boshlang‘ich ta’limga tayyorlash maqsadida 6 yoshli bolalar bepul bir yillik ta’limga jalb etiladi. 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni Maktabgacha ta’limiga qamrab olish ko‘rsatkichini oshirish maqsadida to‘liq quvvatda ishlamayotgan tashkilotlarning 8 ta guruh xonalari ta’mirlanadi, 9 ta yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti investitsiya dasturi doirasida tashkil etiladi. 30 ta nodavlat va oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etiladi.
Prezidentimizning 2020 yil 6 noyabrdagi farmoniga muvofiq, navbatlilik koeffitsiyenti 0,7 dan past bo‘lgan 2 ta maktab tajriba-sinov tariqasida xususiy sektor vakillariga 5 yilga ishonchli boshqaruvga beriladi. Umumta’lim maktablarida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar soni 4,2 foizdan – 2,2 foizga tushiriladi. Maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi kamida 25-30 foizga yetkaziladi. Yaponiya tajribasini o‘rgangan holda xalq ta’limi tasarrufidagi 7 ta maktab bo‘yicha tajriba sinov tariqasida tarbiya darsi, sog‘lom ovqatlanish, mehnatsevarlik, tozalik, kitob o‘qish, sport bilan shug‘ullanish va ota-onalar bilan ishlash tizimi joriy etiladi.
Bu yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar hamda zaruriy chora-tadbirlar natijasida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6,4 trillion so‘mni tashkil etishi yoki 2021 yilga nisbatan 109 foizga o‘sishi rejalashtirilgan.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA