Ayni kunlarda Marhamat tumanidagi Mirishkor mahallasini og‘ir toifadagi mahallalar ro‘yxatidan chiqarishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mirishkor mahallasining Tandirchi, Dorboz, Shakar Chek, Yuqori va Pastki Beshkapa ko‘chalaridagi 1 ming 227 ta xonadonda 4 ming 475 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahallaning drayveri sabzavotchilikka ixtisoslashgan. Mahalla infratuzilmasi, aholining turmush tarzi, qator muammolarning mavjudligi, natija va ko‘rsatkichlarning pastligi e’tiborga olinib, og‘ir toifadagi mahallalar ro‘yxatiga kiritilgan edi.
Ana shundan kelib chiqib, tuman hokimi Ergashali Abdujalilov rahbarligida tuman mas’ullari mahalla aholisi bilan uchrashib, muloqotda bo‘ldi. Uchrashuvda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, mavjud muammolarni bartaraf etish, aholining turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Mutasaddi va mas’ul idoralar vakillari ishtirokida mahalla aholisini qiynab kelayotgan muammo va masalalar muhokama qilindi, ularni bartaraf etish yuzasidan fikr almashildi. Shundan so‘ng mahallani obodonlashtirish, muammolarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Dastlab “mahalla yettiligi” ko‘magi bilan har bir xonadon xatlovdan o‘tkazildi, aholining turmush sharoitlari o‘rganildi. Mahallani obodonlashtirish, infratuzilmasini yaxshilash, aholi uchun qulay yashash sharoitlari yaratish, xususan, ichki yo‘llarni asfaltlash, ichimlik suvi, elektr energiyasi ta’minoti sifatini yaxshilash, umuman, qator yo‘nalishlarda amalga oshiriladigan ishlar rejasi belgilab olindi.
– Hozirda mahallamizning, ayniqsa, Dorboz va Shakar Chek ko‘chalarida obodonlashtirish, mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan ishlar tuman hokimi, prokurori rahbarligida qizg‘in olib borilmoqda, – deydi mahalla raisi Baxtiyorjon Jahonov. – Dorboz ko‘chasining 2,1 kilometr, Pastki Beshkapa ko‘chasining 900 metr qismi asfaltlanmoqda. Bundan tashqari, elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida eski yog‘och ustunlar temir-betonli ustunlarga almashtirilmoqda. Uchta eski, past kuchlanishli transformator yangi yuqori kuchlanishliga almashtirildi.
Ko‘chalar, xonadonlar tartibga keltirilmoqda, ariqlar tozalanmoqda. Mahalladagi ta’mirtalab uylar ta’mirlanmoqda, yakka yolg‘iz yashovchi keksalar, ehtiyojmand oilalarga ko‘maklashilmoqda.
Ayniqsa, tomorqadan, shuningdek, dehqonchilik qilish uchun ijaraga berilgan yerlardan unumli va oqilona foydalanish, shu orqali aholi daromadini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– 20 sotix tomorqamiz bor, – deydi Pastki Beshkapa ko‘chasida yashovchi, mehnat faxriysi Dunyoxon aya Ismoilova. – Tomorqada 20 dan ortiq turdagi mevalar bor, ulardan farzand, nabiralar to‘ygunicha yeyishadi, ortganini bozorda sotamiz. Ayniqsa, uzumdan yaxshi daromad olamiz. Bundan tashqari, ro‘zg‘or uchun zarur poliz, sabzavot mahsulotlarini o‘zimiz tomorqada yetishtiramiz. Bu bilan ro‘zg‘orda baraka bo‘ladi.
[gallery-25310]
Yaratganga shukr, bugun ishlagan, harakat qilgan odam, tirikchiligini o‘tkazyapti. Buning uchun hamma sharoitlar bor, faqat xohish, intilish bo‘lsa bas. Mahallamiz ko‘chalarining yanada obod bo‘layotgani, odamlarni qiynayotgan muammolar hal etilayotganligidan mahalla ahli behad xursand. Buning uchun avvalo Yurtboshimizdan, mana shunday xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘layotgan barchadan minnatdormiz.
Mahalla infratuzilmasini yaxshilash, fuqarolarning og‘irini yengil qilish, turmush sharoitlarini yaxshilash borasida olib borilayotgan yuqoridagi kabi ishlar zamirida inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning hayot darajasini oshirishdek ezgu maqsadlar mujassam.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA