Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Obi hayotdan oqilona foydalanish zarur
12:19 / 2023-06-04

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, dunyo bo‘yicha suvga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Bu esa suvdan oqilona foydalanish, suv sarfini aniqlashni talab etadi. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligida suvdan oqilona foydalanish o‘ta muhim. Muxbirimiz Quyi-Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘ining 1-o‘rinbosari Dadajon Rajabov bilan Navoiy viloyatida suv resurslaridan oqilona va tejamli foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida suhbatlashdi.

- Yildan yilga aholi sonining o‘sishi va iqtisodiyotning jadal rivojlanishi natijasida suvga bo‘lgan talab ortib bormoqda, - dedi Dadajon Rajabov.- Bu esa qishloq xo‘jaligida suvdan oqilona va tejab foydalanishni taqozo etmoqda. 2023 yil sug‘orish mavsumida viloyatga 869 million metr kub suv limiti ajratilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 175 million metr kub suv olindi.
Joriy yilda viloyatda 25 ming gektardan ortiqroq maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, jumladan, 11 ming 101 gektar tomchilatib, 4,5 ming gektar yomg‘irlatib, 1,5 ming gektar diskret sug‘orish va 7 ming 903 gektar yerda lazerli tekislash ishlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Hozirgi kunga qadar 7903 gektar yerda belgilangan ishlar amalga oshirildi.

G‘alla maydonlarini yomg‘irlatib sug‘orishda 150 ta talabgorning 2636 gektar maydoni uchun pudrat shartnomalari rasmiylashtirilib, 35,3 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Hozirda 1267 gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari to‘liq joriy qilindi. 10562 gektar paxta maydonlarida tomchilatib sug‘orish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan, 84 ta talabgorning 1421 gektar paxta maydoni uchun pudrat shartnomalari rasmiylashtirilgan. 4 ta talabgorning 160 gektar maydonida 4 milliard so‘mlik moliyalashtirish ishlari amalga oshirildi va 1 ta talabgorning 20 gektar maydonida qurilish-montaj ishlari yakunlanib, to‘liq ishga tushirildi.

- Sohaga raqamli axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish hamda suvni raqamli texnologiyalar asosida nazorat qilish tizimini tashkil etish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? 

- 2023 yilda viloyatda jami 183 dona “Aqlli suv” qurilmalarini o‘rnatish, 1 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ektini avtomatlashtirish, shuningdek, 102 ta meliorativ kuzatuv quduqlarida “Dayver” qurilmasini o‘rnatish rejalashtirilgan. Hozirda qurilmalarni sotib olib o‘rnatish maqsadida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. 
Sug‘orish tarmoqlarida suvni real vaqt rejimida boshqarish imkonini beruvchi “Aqlli suv” qurilmasi o‘rnatish uchun qariyib 1,7 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. 46 ta “Aqlli suv” qurilmasi uchun shartnomalar qilinib, pudratchi tashkilotlar bilan o‘rnatish ishlari va integratsiya qilish amalga oshirilmoqda. Raqamli qurilmalarning qolgan qismi ishlab chiqilgan reja-grafikka asosan ajratilgan mablag‘lar hisobidan o‘rnatish, xarid va birja savdolariga tender e’lonlari berilmoqda.
Meliorativ kuzatuv quduqlarida sizot suvlari sathi va mineralizatsiya darajasini kuzatish imkonini beruvchi “Dayver” qurilmasini o‘rnatish uchun 1,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. 10 dona qurilma tenderga qo‘yilib, shartnoma qilindi. 

- Bugungi kunda suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish hamda suv xo‘jaligi ob’ektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida foydalanishga berish borasida qanday chora-tadbirlar belgilangan?

- Davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Navoiy viloyatidagi 4 ta xususiy sherik o‘rtasida loyiha shakllantirilgan bo‘lib, loyihalarning umumiy qiymati 38 milliard 142,6 million so‘mni tashkil etadi. 
Bugungi kunda “Navbahor agro-industrial kompleks” ishlab chiqarish koorparativi bilan Navbahor tumanidagi “G‘allakor” nasos stansiyasi va “Ibrohim eksport klaster” MCHJ bilan Xatirchi tumani “Oltinobod-1”, “Oltinobod-2” va “Tasmachi” nasos stansiyalari borasidagi loyiha samarali ishlamoqda. Bu loyihalar bo‘yicha xususiy sheriklar tomonidan belgilangan muddatlarda investitsiya kiritilgan.
Ammo “Xatirchi agroeksport klaster” MCHJ bilan Xatirchi tumanidagi “Eski Uchqara" nasos stansiyasi va “Chig‘atoy” nasos stansiyasi borasidagi 2 ta loyiha bo‘yicha shartnoma shartlari bajarilmagani va belgilangan investitsiya mablag‘lari kiritilmaganligi bois Karmana tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritilgan.

- Albatta, suv sarfini kamaytirish va undan oqilona foydalanishda irrigatsiya tizimi kanallarini tozalash hamda ulardagi gidrotexnika inshootlari va gidropostlarni ta’mirlash muhim jarayon hisoblanadi. Bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

- Irrigatsiya tizimi kanallarini tozalash hamda ulardagi gidrotexnika inshootlari va gidropostlarni ta’mirlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olganmiz. Joriy yilda 217,2 kilometr uzunlikdagi xo‘jaliklararo kanallarni mexanizm yordamida tozalash uchun 978 million so‘m, 159 dona gidrotexnik inshootlarni ta’mirlash uchun 335 million so‘m, 183 dona suv o‘lchash gidropostlarini ta’mirlash ishlarida 219,6 million so‘m, shuningdek, 319 kilometr xo‘jalik ichki sug‘orish tarmoqlarini mexanizm yordamida tozalash uchun 395,1 million so‘m, ulardagi 356 dona gidrotexnik inshootlarida 165,6 million so‘m, 530 dona gidrotexnik inshootlarida 94,6 million so‘mlik ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan.
Bugungi kunda xo‘jaliklararo kanallarning 102,4 kilometr, ichki sug‘orish tarmoqlarining 143 kilometr uzunlikdagi qismi mexanizm yordamida loyqadan tozalandi. 72 dona gidrotexnik inshoot, 84 dona gidropostlarda, ichki tarmoqlardagi 162 dona gidrotexnik inshootlar va 238 ta gidropostlarda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, joriy yilda 4 ta loyiha, shundan 14,5 kilometr uzunlikdagi kanallar, 40 ta sug‘orish quduqlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda bir dona suv omborini xavfsiz ekspluatatsiya qilish tadbirlari rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu tadbirlar uchun qariyib 29,8 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi belgilangan. Ushbu tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida viloyatdagi 9 ming 900 gektar ekin maydonlarining suv ta’minoti yaxshilanadi. 
2 ta yangidan boshlanuvchi loyiha doirasida esa 4,2 kilometr uzunlikdagi kollektorlar tizimida qurish va rekonstruksiya qilish ishlari rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlar natijasida viloyatdagi 720 gektar ekin maydonlarining meliorativ holati yaxshilanadi, sizot suvlari sathi 2,1 metrgacha pasayishiga erishiladi.
Ayni paytda belgilangan loyihalar doirasida ishlar davom etmoqda.

O‘zA muxbiri Abduvali Bo‘riyev suhbatlashdi.