2008 yilda Tokio markazida xunrezlik sodir etgan 39 yoshli Tomoxiro Katoga nisbatan belgilangan o‘lim jazosi seshanba kuni ijro etildi, deb xabar tarqatdi NHK telekanali hukumat doiralari manbalariga tayanib.
"Bundan 14 yil avval Tokiodagi Akixabara ko‘chasida xunrezlik sodir etgan Tomoxiro Kato o‘lim jazosiga hukm qilingan edi. Jazo 26 iyul kuni ijro etildi.
Bu Fumio Kisida bosh vazirlik davridagi ikkinchi qatl ijrosi hisoblanadi", - deya ta’kidlanadi telekanal tarqatgan xabarda.
Jinoyatchi yuk mashinasini piyodalar to‘dasi ustiga haydagan va ko‘chani to‘sib qo‘ygan. Shundan keyin u mashinadan tushib o‘tkinchilarni pichoqlay boshlagan. O‘shanda amalga oshirilgan qotillikda yetti kishi qurbon bo‘lgan, 10 kishi jarohat olgandi.
26 yoshda bo‘lgan Tomoxiro Kato hibsga olingandan keyin Sidzuoka prefekturasidan atay Tokioga kelganini, maqsadi kimnidir o‘ldirish bo‘lganini aytgan. U shuningdek, hayotga qiziqishi qolmaganini ham qo‘shimcha qilgan.
Ayblov hukmida ta’kidlanishicha, Tomoxiro Kato ruhiy kasal bo‘lmagan, shuning uchun u o‘z harakatlariga to‘liq javob bera oladi.
Yaponiya sud tajribasida o‘lim jazosi odatda bir necha kishini o‘ldirganga qo‘llaniladi. Inson huquqini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar Yaponiyani ushbu jazo chorasini bekor qilishga chaqirib keladi. Kunchiqar mamlakatda har yili taxminan 10 kishiga o‘lim jazosi qo‘llaniladi.
Yaponiyada o‘lim jazoga tortilgan shaxs o‘zining qatl etilishini yillab kutishi mumkin, lekin bu haqda faqat qatl ijro etiladigan kuni ertalab xabardor bo‘ladi. Mamlakatda qatl ijrosi osib o‘ldirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.