OAV: Yaponiya va AQSH KXDRga qarshi sanksiyalarni saqlab qoladi
Yaponiya va AQSH Shimoliy Koreyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni saqlab qolish haqida kelishib oldi.
Yaponiya va AQSH Shimoliy Koreyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni saqlab qolish haqida kelishib oldi. Bu haqda Yaponiyaning Kyodo axborot agentligi maʼlum qilgan.
Taʼkidlanishicha, Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe va AQSH Prezidenti Donald Tramp oʻrtasidagi kelishuvga Vashingtonda oʻtgan muzokaralar chogʻida erishilgan.
Har ikki davlat rahbarlari OAV ishtirokida oʻtgan anjumanda AQSH va Yaponiya Koreya yarimorolini yadro qurolidan xoli hududga aylantirish boʻyicha ikki va uch tomonlama (Janubiy Koreya ishtiroki nazarda tutilmoqda) hamkorlik natijalarini yuqori baholagan.
Bayonotda qayd etilishicha, AQSH va Yaponiya ushbu saʼy-harakatlarni faol qoʻllab-quvvatlash maqsadida BMT sanksiyalarini saqlab qolish haqida kelishib olgan.
Shuningdek, AQSH Prezidenti joriy yil may oyida Yaponiyaga tashrif bilan boʻlishini maʼlum qilgan. Uning doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha muzokaralarni tezlashtirish, xususan, AQSH qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga nisbatan Yaponiyada amal qiladigan yuqori qiymat soligʻini kamaytirishga erishish istagini bildirgan.
Xorijiy ommaviy axborot vositalari AQSH yetakchisining bu kabi intilishlarini 2020 yilda oʻtadigan prezidentlik saylovlari chogʻida ushbu soliq imtiyozlaridan manfaatdor tadbirkorlar ishonchiga erishish sifatida baholamoqda.