English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
OAV xodimlari “O‘zdavkarantin” inspeksiyasining faoliyati bilan tanishdi
19:58 / 2020-11-30

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan respublikamiz o‘simlik va qishloq xo‘jaligi sohasiga jiddiy zarar keltirishi mumkin bo‘lgan karantin ostidagi mahsulotlarning xorijiy mamlakatlardan kirib kelishini oldini olish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, bakterial organizmlar bilan zararlangan mahsulotlar, shuningdek zararkunanda hasharotlar qo‘shni davlatlar bilan tutash chegaralar, temir yo‘l hamda aeroportlar orqali kirib kelishi mumkin.

Tadbirda ayni shu masalalar, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, “O‘zdavkarantin” inspeksiyaning Toshkent xalqaro aeroportidagi faoliyati tushuntirildi. Shundan so‘ng, yurtimiz hududiga kirib kelayotgan yoki chiqib ketayotgan yo‘lovchilarning qo‘l yuklari va bagajlarida karantin ostidagi mahsulotlarni aniqlash bo‘yicha amalga oshiradigan ish jarayonlari bilan tanishildi.

“O‘zdavkarantin” inspeksiyasi o‘simliklarning tashqi va ichki karantini bo‘yicha davlat tadbirlari tizimini amalga oshirish, karantin hamda boshqa xavfli zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari va begona o‘tlarning xorijiy davlatlardan respublika hududiga kirib kelishidan himoya qilish, karantin va boshqa xavfli zararkunandalarni o‘z vaqtida aniqlash, ularning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda yo‘q qilish bilan bir qatorda, chet eldan urug‘lar, o‘simliklar, o‘simlik xomashyosi va boshqa o‘simlik mahsulotlari hamda xalq iste’mol tovarlari olib kiriladigan chegara maskanlarini belgilaydi. 

Mazkur vazifalar Toshkent shahar o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tizimidagi “Toshkent xalqaro aeroporti”, “Xalqaro-Pochtamt” va “Toshkent temir yo‘li” o‘simliklar karantini chegara maskanlarida amalga oshiriladi.

Shuningdek, xorijiy mamlakatga eksport bo‘layotgan karantin ostidagi mahsulotlarga xalqaro fitosanitariya sertifikati va chet davlatlardan respublikamiz hududiga olib kirilayotgan karantin ostidagi mahsulotlarga o‘rnatilgan tartibda karantin ko‘rigi dalolatnomalari rasmiylashtirilib beriladi.

Tadbir davomida ishtirokchilar Toshkent shahar o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining Davlat bojxona qo‘mitasi Milliy kinologiya markazi o‘quv kurslarida tahsil olgan kinolog xodimlari va Markazda o‘rgatilgan “detektor-xizmat it”larining ish jarayoni ko‘nikmasi bilan ham tanishishdi. Mazkur hizmat mamlakatimiz karantin tizimi uchun yangilik bo‘lib, ushbu “detektor-xizmat it”lar yordamida chet davlatlardan respublikamiz hududiga olib kirish taqiqlangan, yuqori fitosanitar xavfga ega bo‘lgan karantin ostidagi urug‘lik va ekish materiallari o‘z vaqtida aniqlanadi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA