“Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJ tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalari agentligi viloyat boshqarmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida korxonada olib borilayotgan yangi investitsiya loyihalar bilan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi.
Bugun aholi sonining oshishi bilan energetika resurslariga bo‘lgan talab ham sezilarli ravishda o‘sib bormoqda. Natijada energotejamkor uskunalardan foydalangan holda tabiiy gaz iqtisodi bilan birga samaradorlikka erishish asosiy vazifalardan biriga aylanmoqda.
Ta’kidlash o‘rinliki, zamonaviy energetikada “yashil iqtisodiyot”ning, ya’ni quyosh fotoelektr stansiyalari, shamol generatorlarining qo‘llanilishiga qaramasdan hozirgi vaqtda ishlab chiqariladigan elektr energiyaning asosiy qismi issiqlik elektr stansiyalari ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.
Press-tur davomida OAV vakillari “Navoiy IES” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan yangi loyihalar bilan tanishdi.
– Hozirda korxonamizda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JIA) moliyalashtirish manbalari hisobidan 650 MVt quvvatli uchinchi bug‘-gaz qurilmasini qurish ishlari davom etmoqda, – deydi AJning Investitsiya loyihalari va qurilish masalalari bo‘yicha direktori Komiljon Hafizov. – Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 sentyabrdagi “Navoiy issiqlik elektr stansiyasida 650 MVt quvvatli uchinchi bug‘-gaz qurilmasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2020 yil 10 oktyabrdagi “Navoiy issiqlik elektr stansiyasida 650 MVt quvvatli uchinchi bug‘-gaz qurilmasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari dasturilamal vazifasini o‘tamoqda. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 786,7 million dollar bo‘lib, yillik ishlab chiqarish quvvati 4 million 786 ming kVt.soatni tashkil etadi. E’tiborli tomoni shundaki, ushbu qurilmaning ishga tushirilishi bilan yillik tabiiy gaz sarfi 870 million m3 ga tejaladi.
Ayni vaqtda qurilish maydonida ishlar jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Qurilish ishlariga xorijiy hamkorlardan Yaponiya va Turkiya kompaniyalari vakillari bilan bir qatorda mahalliy mutaxassislar ham jalb etilgan. Loyiha 2026 yil yakunida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Hozirda 1600 nafarga yaqin ishchi-xodim faoliyat ko‘rsatib kelayotgan korxonada 2012 yilda ishga tushirilgan 478 MVt va 2020 yilda ishga tushirilgan 450 MVt quvvatli bug‘-gaz qurilmalari tomonidan elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda.
2024 yilda 10 milliard 783,1 million kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lib, aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga 984,3 ming Gkal issiqlik energiyasi uzatildi. Ishlab chiqariladigan energiya uchun shartli yoqilg‘i sarfini rejadagi 312 gramm/kVt.s.dan amalda 288 gramm/kVt.s.ga kamaytirilishiga erishildi.
OAV vakillari korxona boshqaruv pulti xonasida bo‘lib, jarayonlar bilan yaqindan tanishdi.
– Korxonamiz tomonidan viloyatimizdan tashqari Buxoro va Samarqand viloyatlariga ham elektr energiyasi yetkazib beriladi, – deydi 450 MVt qurilmasi navbat boshlig‘i Sevdiyor Saidov. – Har navbatda 15 nafar ishchi-xodim faoliyat olib boramiz. Hamma qurilmalarimiz avtomatlashtirilgan bo‘lib, operatorlarimiz tomonidan masofadan turib boshqariladi. Qurilmaning afzallik tomoni, oldingi qurilmalardan farqi shundaki, yoqilg‘i sarfini ikki baravargacha tejaydi.
2018 yilda korxona bazasida “Kelajak energetikasi” o‘quv markazi tashkil etilib, bugungi kunda 23 ta yo‘nalish bo‘yicha kadrlar qayta tayyorlanib, malakasi oshirilmoqda. 2024 yil yakunlariga ko‘ra, bu yerda yurtimizdagi barcha issiqlik elektr stansiyalari va markazlarining 213 nafar ishchi-xodimlari malaka oshirdi.
– Men Angrendagi issiqlik elektr stansiyada 4-toifali mashinist nazoratchisi vazifasida ishlayman, – deydi Jamshid Abdug‘aniyev. – O‘zim Volgograd davlat texnika universitetining energetika mashinasozlik yo‘nalishini tugatganman. Ishga qabul qilinganimga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi. Energetika yo‘nalishida bir yillik ish stajiga egaman. Bug‘-gaz qurilmasi men uchun yangilik. Bizning korxonamiz ko‘mir mahsulotiga moslashtirilgan holda ishlaydi. Bu yerda korxonaning malakali mutaxassislari tomonidan tizimda olib borilayotgan yangiliklar, elektr toki ishlab chiqarish tizimi haqida ma’lumotlar olmoqdamiz.
[gallery-22066]
Press-tur davomida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari