Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
OAV vakillari uchun o‘quv-seminari tashkil etildi
14:37 / 2025-11-13

Mamlakat taraqqiyotining muhim ko‘rsatkichlaridan biri aholi va qishloq xo‘jaligini aniq hisobga olish, ular haqida ishonchli statistik ma’lumotlarni shakllantirish. Bu jarayon nafaqat davlat boshqaruvi va iqtisodiy rejalashtirish uchun muhim, balki har bir sohada - ta’limdan tortib sog‘liqni saqlashgacha, ish bilan ta’minlashdan to hududiy rivojlanish dasturlarini belgilashgacha bo‘lgan yo‘nalishlarda samarali qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutida OAV vakillari uchun mazkur mavzuda o‘quv-seminari tashkil etildi.

O‘quv-seminari aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida keng va samarali yoritish, aholining xabardorligini oshirishga qaratildi. Tadbir BMT Aholishunoslik jamg‘armasining (UNFPA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Seminarda Milliy statistika qo‘mitasi, xalqaro tashkilotlar ekspertlari va turli OAV vakillari ishtirok etib, ro‘yxatga olish jarayonining mazmun-mohiyati, uning milliy taraqqiyotdagi o‘rni haqida atroflicha fikr almashdi.

Ro‘yxatga olish tadbiri mamlakatning demografik va iqtisodiy salohiyatini baholashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Aholi soni, yosh tarkibi, ish bilan bandlik darajasi, migratsiya jarayonlari va boshqa ko‘rsatkichlar yuzasidan aniq ma’lumotlar olish orqali davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab olinadi. 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralga qadar bo‘lib o‘tadigan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri O‘zbekistonning mustaqillik davri tarixidagi eng yirik statistik jarayonlaridan biri bo‘ladi. Bu jarayon mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyasini ishlab chiqishda asosiy ma’lumot manbai sifatida xizmat qiladi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ro‘yxatga olish jarayonining samaradorligi ko‘p jihatdan jamoatchilikning faolligi va xabardorligiga bog‘liq. Shu bois, OAV xodimlarining ma’lumotni to‘g‘ri, xolis va tushunarli shaklda yetkazish mahorati bu jarayonda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Seminar davomida jurnalistlar uchun axborotni faktlarga asoslangan holda yoritish usullari, statistik ma’lumot bilan ishlash madaniyati, xalqaro tajribalar asosidagi misollar keltirildi. Bu ularning kelgusidagi faoliyatida aholiga ishonchli, aniq va mas’uliyatli ma’lumot yetkazishni ta’minlaydi.

Axborot jamiyat taraqqiyotining asosiy vositalaridan biri. Shu bois aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonini keng yoritish, uning mazmun-mohiyatini fuqarolarga yetkazish OAV zimmasidagi muhim vazifadir. Keng jamoatchilikning xabardorligi va ishtirokini ta’minlash orqali bu jarayon nafaqat statistik ahamiyatga, balki mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladigan umummilliy harakatga aylanadi.

Dildora DO‘SMATOVA,

O‘zA