Qoraqalpog‘iston Respublikasida issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish, yil davomida sifatli va xavfsiz mahsulot yetishtirish hamda eksportbop mahsulotlar ulushini oshirish maqsadida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Ana shu jarayonlarni ommaviy axborot vositalari orqali yoritish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Agrosanoatni rivojlantirish agentligining hududiy bo‘limi hamda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida “Issiqxonalarda mahsulot yetishtirish istiqbollari” mavzusida press-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari Beruniy tumanida joylashgan “Kashfiyotchi yoshlar” xususiy korxonasida bo‘lishdi. 2017-yilda Janubiy Koreya texnologiyasi asosida barpo etilgan, 2 gektar maydonni egallagan ushbu issiqxonada pomidor va bodring yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Ishtirokchilar issiqxonadagi ekinlarni parvarishlash jarayonlari, tomchilatib sug‘orish tizimi, mikroiqlimni boshqarish usullari, kasallik va zararkunandalarga qarshi ko‘rilayotgan profilaktik choralar hamda mahsulot sifati bilan yaqindan tanishdilar.
Mutaxassislar tomonidan “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi Qonun talablariga muvofiq issiqxonalarda fitosanitariya xavfsizlikni ta’minlash, zararli organizmlar tarqalishining oldini olish va mahsulot xavfsizligini kafolatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, Agentlik tizimida 2026-yil 15-yanvardan 16-fevralga qadar e’lon qilingan “Dolzarb 30 kunlik” doirasida issiqxonalarda kuchaytirilgan fitosanitariya nazorat tadbirlari olib borilayotgani ta’kidlandi.
Press-turning navbatdagi manzili Ellikqal’a tumanida faoliyat yuritayotgan “Umidbek Odilbek” mas’uliyati cheklangan jamiyat issiqxona majmuasi bo‘ldi. 2020-yilda tashkil etilgan va 3 gektar maydonni egallagan ushbu issiqxonada Xitoy texnologiyasi asosida limon yetishtirilmoqda. Majmua rahbari tomonidan issiqxonadagi agrotexnik tadbirlar, hosildorlik ko‘rsatkichlari, ko‘chat parvarishi, iqlim nazorati va mehnat jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, ishtirokchilar korxona omborxonasini ham ko‘zdan kechirdilar. U yerda mahsulotlarni saqlash sharoitlari, harorat va namlik rejimi, omborxonada zararkunandalarga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishildi. Fitosanitariya davlat inspektorlari tomonidan omborxona nazorati va doimiy monitoring ishlari yuzasidan tushuntirish berildi.
Tadbir yakunida sayyor laboratoriya mutaxassislari tomonidan olingan namunalarning laboratoriya tahlillari o‘tkazilib, tegishli xulosalar taqdim etildi. Mazkur tadbir issiqxonalarda mahsulot yetishtirishda zamonaviy texnologiyalar, fitosanitariya nazorat va sifat kafolati masalalarini keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari vakillari Orolbo‘yida issiqxonalar faoliyatini takomillashtirish yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 40 ta sub’ektda 88,1 gektar issiqxona mavjud bo‘lib, shundan 34 tasi 76,5 gektar maydonda faoliyat yuritadi. Ushbu maydonlarning 31,1 gektarida gidroponika, 45,4 gektarida esa tuproq usulida ekin ekiladi.
[gallery-27613]
Issiqxonalarning 48,8 gektari tabiiy gazda, 12 gektari ko‘mirda, 11,4 gektari boshqa isitish tizimlarida faoliyat yuritadi, va 4,4 gektari esa isitilmaydigan issiqxonadan iborat. Mazkur issiqxonalarda jami 817 nafar fuqaro band bo‘lib, shundan 295 nafari doimiy, 522 nafari mavsumiy ish o‘rinlarini tashkil qiladi. Shuningdek, 2 nafar xorijiy va 28 nafar mahalliy agronom faoliyat olib boradi.
Ayni paytda faoliyat yuritayotgan 27 ta issiqxona xo‘jaligining 50,6 gektar maydonida ekin ekiladi. Jumladan, 32,6 gektarida pomidor, 12,3 gektarida bodring, 5,5 gektarida sitrus va rezavor mevalar, 0,2 gektarida esa gullar parvarish qilinadi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.