Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
OAV vakillari Dehqonobod kaliy zavodida
16:58 / 2022-12-22

Qashqadaryo viloyatida joylashgan “Dehqonobod kaliy zavodi” AJda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati mas’ullari hamrohligida OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

Unda ishtirokchilar korxona tarixi va bugungi kundagi faoliyati bilan tanishdi. “Dehqonobod kaliy zavodi”AJ 2010 yilda qurilgan bo‘lib, hozirgi kunda jamiyatda 2058 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Shundan, 258 nafar xotin-qiz va 30 yoshgacha bo‘lgan yosh xodimlar soni 400 nafarni tashkil etadi.

bugungi kunda korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning o‘tgan yildagi eksport ko‘rsatkichi 48,8 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022 yil yakuniga qadar 78,3 million dollar bo‘lishi kutilmoqda. Zavodda joriy yilning 11 oyida 1161,3 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, shundan 73 million dollarlik kaliy xlorid eksport qilindi. Hozirgi kunda eksport geografiyasi kengayib, mahsulotlar Sharqiy Osiyo mamlakatlari, Eron, Polsha, Ukraina, Turkiya, Shvetsariya, Gretsiya, Marokash, Latviya, Litva kabi 20 dan ziyod davlatlarga eksport qilinmoqda.

[gallery-10044]

Korxonaning o‘tgan 2021 yilgi sof foydasi 57,4 milliard so‘mni, joriy yil yakuniga ko‘ra 370,8 milliard so‘mni tashkil etishi, keyingi yilda esa bu ko‘rsatkich 217,4 milliard so‘m bo‘lishi kutilmoqda.

Press-tur ishtirokchilari ishlab chiqarish jarayoni bilan ham yaqindan tanishish maqsadida kaliy o‘g‘itlar ishlab chiqarish sexiga bordi. Jarayon bilan bosqichma-bosqich tanishdi. Tog‘-kon majmuasidan zavodga keltirilgan ruda tayyor mahsulot holiga kelguniga qadar bo‘lgan texnologik jarayonlarga guvoh bo‘lindi.

Ishtirokchilar uchun Tog‘-kon majmuasiga ham sayohat tashkillashtirilib, shaxta hayoti va qazib chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirildi.

Ma’lumot o‘rnida, Tepaqo‘ton kaliyli tuzlar konidagi ruda zaxirasi jami 250 million tonna bo‘lib, salkam bir asrlik moddiy boylik zaxirasiga ega.

Shuningdek, “DKZ” AJ rahbariyati press-tur ishtirokchilarining jamiyat faoliyatiga oid savollariga javob berdi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA