Toshkent viloyati Nurafshon shahrida “Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda voqelikni yoritish: talab va tavsiyalar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hududiy boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi o‘rinbosari Xolmurod Salimov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Sayyora Fayziyeva, 22 ta tuman-shahar hokimliklari muassisligidagi mahalliy gazetalar bosh muharrirlari qatnashdi.
Dastlab tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi tomonidan 2022 yilda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.
Qayd etilganidek, hisobot davrida bo‘limning yangi tahrirdagi nizomi tasdiqlandi va Toshkent viloyati Adliya boshqarmasida ro‘yxatdan o‘tkazildi, guvohnoma olindi. Uyushmaning Samarqand viloyati bo‘limi va Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining bir guruh muharrir hamda jurnalistlarining Samarqand viloyatiga ijodiy safari tashkil etildi. Hududda yashab ijod qilayotgan faxriy jurnalist va muharrirlar holidan xabar olindi. Shu bilan birga, viloyat ijodkorlari o‘rtasida davra suhbatlari tashkil etildi.
[gallery-10424]
“Adabiyot ziyosi” gazetasi bosh muharriri, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, Jurnalistlar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Rahmatilla Sheraliyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli publitsist Sharifa Salimova tug‘ilganining 70 yilligi, jurnalist Rajabboy Bagirovning 80 yillik yubileylari hamkorlikda tashkil etildi. Toshkent viloyatida yashayotgan 40 nafar faxriy jurnalistlar Jurnalistlar uyushmasi muassisligidagi “Hurriyat” va Toshkent viloyati hokimligi muassisligidagi “Toshkent haqiqati” gazetalariga ijtimoiy ravishda obuna qilindi. Yil mobaynida viloyatdagi tahririyat va ijodiy jamoalarda Prezidentning “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori targ‘iboti hamda sharhiga bag‘ishlangan davra suhbatlari tashkil etildi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi o‘rinbosari Xolmurod Salimov hududdagi mahalliy nashrlarda ishlayotgan jurnalistlar faoliyatini yuqori baholadi. Ularning malakasini oshirish uchun kelgusida chet elga yuborish, jahon tajribasini o‘rganish va amaliyotga targ‘ib qilish borasida o‘z fikrlarini bildirdi.
Shundan so‘ng joriy yilda hudud gazetalarida obunani tashkil etish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi, taklif va mulohazalar eshitildi. Bunda “Yuqori Chirchiq hayoti” va “Ohangaron hayoti – Jizn Axangarana” gazetalari tajribalari tahlil qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil 4 yanvar holatiga ko‘ra Toshkent viloyatida 25 nomda viloyat, tuman-shahar hokimliklari muassisligidagi bosma ommaviy axborot vositalari ro‘yxatdan o‘tgan. Hozirda “Yuqori Chirchiq hayoti” gazetasi 7750 nusxada, “Parkent tongi” gazetasi 3500 nusxada, “Istiqbol” gazetasi 3400 nusxada, “Ohangaron hayoti – Jizn Axangarana” gazetasi 2871 nusxada, “Oqqo‘rg‘on ovozi” gazetasi 2323 nusxada, “Olmaliq hayoti” va “Chirchiq tongi” gazetalari 2000 nusxada chop etilyapti.
Davra suhbatida jurnalist odob axloqi haqida gap bordi. Axborot tarqatishda tezkorlik, xolislik jurnalistlardan katta mas’uliyat talab etadi. Shu ma’noda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda voqelikni yoritishdagi talablar ham kundan-kunga o‘zgarib borayotgani ta’kidlandi. Yil davomida faol jurnalistlarni rag‘batlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
A.Musayev,O‘zA.