Turkmaniston AQSH bilan 2023-2024 yillarda hamkorlik qilish bo‘yicha yo‘l xaritasini hamda ikki mamlakat o‘rtasida turli darajadagi tashriflarni tashkil qilish rejasini ishlab chiqmoqda, deb xabar tarqatdi hukumatning rus tilida chiqadigan “Neytralnыy Turkmenistan” gazetasi.
Turkmaniston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov videoaloqa rejimida bo‘lib o‘tgan hukumat majlisida Turkmaniston delegatsiyasining AQSHga tashrifi yakunlari bo‘yicha hisobot bergan chog‘ida ushbu taklifni bildirgan.
“Prezident Serdar Berdimuhamedovga 2023-2024 yillarda Turkmaniston – AQSH hamkorligi bo‘yicha yo‘l xaritasi taqdim etildi. Yo‘l xaritasi ishlab chiqilishidan maqsad Turkmaniston va AQSH o‘rtasida aloqalarni faollashtirish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida turli darajada tashriflarni tashkil etish bilan bog‘liq rejani tayyorlashdan iborat”, – deyiladi xabarda.
Turkmaniston rahbari ushbu taklifni ma’qullar ekan, AQSH bilan davlatlararo muloqotlar so‘nggi yillarda an’anaviy do‘stona xarakterga ega bo‘layotganini ta’kidlagan.
“Prezident Serdar Berdimuhamedov hamkorlik ko‘p yillik tajribaga egaligini va ushbu aloqalarni yanada chuqurlashtirishga yetarlicha salohiyat mavjudligini ta’kidlab, ushbu yo‘nalishda ishlarni davom ettirishga topshiriq berdi”, – deyiladi mazkur nashr tarqatgan xabarda.