Sudan armiyasi va Tezkor harakat kuchlari (THK) o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun Saudiyaning Jidda shahrida uchrashishi mumkin, deb yozmoqda Sudanda chiqadigan Al-Sudani gazetasi.
Yakshanba kuni Misr va Saudiya Arabistoni so‘roviga ko‘ra, Arab davlatlari ligasining (ADL) favqulodda majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda Sudandagi vaziyat muhokama qilingan. Majlis yakunida ADL Kengashi Sudanda urishayotgan tomonlarni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan.
Gazeta bergan ma’lumotga ko‘ra, Saudiya podshohligining merosxo‘r shahzodasi Muhammad bin Salmon Sudan armiyasi bilan THK o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarga barham berish uchun xalqaro vositachilarga rahbarlik qilmoqda. Ta’kidlanishicha, u Sudanda inqirozga sababchi bo‘lgan tomonlar hamda dunyo yetakchilari bilan mazkur masalada muloqot qilgan.
“Kutilishicha, o‘t ochishni to‘xtatishga erishish uchun Jidda shahrida davra suhbati bo‘lib o‘tadi, unda Sudandagi qarama-qarshi kuchlari vakillari to‘planishadi”, – deb yozgan mazkur gazeta.