OAV: Pentagon rahbari Xitoy mudofaa vaziri bilan uchrashmoqchi
Pentagon rahbari Lloyd Ostin xitoylik hamkasbi Li Shanfu bilan kelasi oy Singapurda uchrashishga erishmoqchi, deb yozmoqda Blumberg agentligi. Ostin va Li Shanfu uchrashuvi har yili tashkil etiladigan xavfsizlik bo‘yicha hukumatlararo “Shangri-La muloqoti” forumi doirasida bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur anjumanda Osiyo – Tinch Okeani mintaqasidan 28 ta davlat mudofaa vazirlari va boshqa harbiy rahbarlar ishtirok etadi. O‘tgan yilgi anjumanda Ostin Xitoyning avvalgi mudofaa vaziri general Vey Fenxe bilan uchrashgan edi.
Avvalgi mudofaa vaziridan farqli ravishda, Li Shanfu Amerika sanksiyasiga tushgan. 2018 yilda AQSH moliya vazirligi Xitoy Markaziy harbiy kengashi qo‘shinlarni tayyorlash va ta’minot departamentiga qarshi sanksiya qo‘llagan edi. Hozirgi mamlakat mudofaa vaziri o‘shanda departament rahbari bo‘lgan. Kuzatuvchilarning fikricha, ushbu fakt AQSH va Xitoy o‘rtasida harbiy sohada oliy darajada bo‘ladigan uchrashuvlarni noqulay ahvolga soladi.