Buxoroda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda uyushma mas’ullari, xalq deputatlari vakillari, viloyat, tuman, shahar hokimliklari muassisligidagi tarmoq va xususiy gazetalar muharrirlari, teleradiokompaniya rahbarlari qatnashdi.
Unda mazkur qaror ommaviy axborot vositalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, ular faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kadrlar salohiyati va raqobatbardoshligini yanada oshirish, sohani rivojlantirishga qaratilganligi ta’kidlandi.
Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 iyuldan boshlab 2025 yil 1 iyulga qadar ommaviy axborot vositalari foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘laydi, reklama xususiyatiga ega bo‘lgan ommaviy axborot vositalari bundan mustasno. Shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan matbaa uskunalari, zamonaviy foto va radio televizion uskunalar, qog‘oz bojxona bojidan ozod etiladi.
– Qaror bilan 2023 yildan boshlab tegishli davlat organlari va tashkilotlari, boshqa muassasalarga 110 nusxa davriy bosma nashrlar va 67 nusxa kitob mahsulotlarining majburiy bepul nusxalarini yuborish amaliyoti bekor qilindi, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Baxtiyor Asadov. – Ular tomonidan bosma mahsulotlarni xarid qilib olish tartibi joriy qilinadi (Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bundan mustasno). Bunda, tegishli davlat organlari tomonidan xarid qilib olish uchun davlat byudjetidan mablag‘ ajratiladi. Byudjet tashkilotlariga ulardagi “kutubxona fondi” xarajat moddasi orqali davriy bosma nashrlar, ularning elektron shakli va elektron ommaviy axborot vositalariga obuna bo‘lish uchun mablag‘ yo‘naltirishga ruxsat beriladi.
Ta’kidlanganidek, ommaviy axborot vositalari uchun bir qator imtiyozlar berildi. Jumladan, viloyat matbuot uyi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi faoliyatini samarali tashkil qilish, saqlash xarajatlarini qoplash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan belgilangan tartibda subsidiya ajratiladi. Ehtiyojmand va faol jurnalistlar ipoteka kreditlari va qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa shartlar asosida uy-joy bilan ta’minlanadi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillarining ijodiy faoliyatini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida yubiley yoshini nishonlaydigan jurnalistlarning ijodiy kechalari tashkil etiladi. Moddiy va ma’naviy rag‘bat va ko‘makka ehtiyoji bor soha vakillarining ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, ularga yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Amalga oshiriladigan ishlar tahlil etildi, soha xodimlari o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA