Avval xabar berilganidek, poytaxtimizda "Fuqarolik jamiyati haftaligi" bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur haftalik doirasida bir qator muloqot va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, bugun “OAV — fuqarolik jamiyati institutlari sifatida: dolzarb vazifalar va istiqbollar” mavzusida panel diskussiya bo‘lib o‘tdi.

Unda bir qator idora va tashkilotlarning matbuot xizmatlari xodimlari, jurnalistlar, mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.
Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining bir bo‘lagi sifatida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni faollik bilan targ‘ib etish, fuqarolarga ularning mazmun-mohiyatini yetkazishda, tezkorlik bilan va xolislik asosida yangiliklardan xabardor qilishda o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda. Zero, bugungi axborot asrida internet va ijtimoiy tarmoqlarning faol rivojlanishi OAV vakillaridan yanada mas’uliyatni talab etmoqda.

Forumda Milliy media birlashmasi boshqaruv raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja ishtirok etib, o‘z fikrlarini bildirdi:
—Biz bugun paradoksal davrda yashayapmiz. Telefon, internet va ijtimoiy tarmoqlar har birimizning doimiy hamrohimizga aylandi. Ammo ular kun kelib bizga qarshi ham ishlashi mumkin. Shu bois endi OAV oddiy xabar uzatuvchi emas, u ijtimoiy signallar to‘plash, tekshirish va jamiyat va davlat institutlariga yetkazib beruvchi faol tizimga aylanishi kerak. OAV jamiyatning immun tizimi, — dedi Sh.Qudratxo‘ja.

Tadbirda ekspertlar, matbuot xizmatlari vakillari global davrda OAVning o‘rni va jarayonlardagi ishtiroki, jamoatchilik bilan aloqalarning ahamiyati xususida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.
Haftalik doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
Muhtarama Komilova, O‘zA