OAV: Bir kechada Ispaniya sohillariga 50 dan ortiq muhojir suzib keldi
O‘tgan jumadan shanbaga o‘tar kechasi Ispaniyaning Marokash bilan chegaradagi Seuta anklaviga kamida 54 nafar voyaga yetmagan muhojirlar suzib keldi, deb xabar tarqatdi “Ceuta Actualidad” nashri.
– Suzib keluvchilarning oqimi to‘xtamayapti, 24 soatdan kamroq vaqt ichida Seutaga 54 nafar voyaga yetmaganlar yetib kelishdi, -deyiladi nashr saytida.

Qayd etilishicha, bu kelgan migrant bolalarning rasman qayd etilgan soni. Lekin aslida bundan ham ko‘proq odam suzib kelgan bo‘lishi mumkin. Shunday qilib, hozirda anklavda 500 ga yaqin voyaga yetmagan muhojirlar to‘planib qolgan.

Yevropa Ittifoqi va Afrika davlati o‘rtasidagi yagona quruqlik chegarasi Marokashning O‘rta yer dengizi sohilidagi ikkita Ispaniya anklavlari – Seuta va Melilla hududi orqali o‘tadi. Yevropaga yetib borishga urinayotgan muhojirlar vaqti-vaqti bilan shu hududga kirishga harakat qilishadi.
S.Rahimov, O‘zA