AQSH mudofaa vazirligi Ukrainaga Amerika hukumati va uning YeI va NATO bo‘yicha ittifoqchilari tomonidan ko‘rsatilayotgan yordamlarni nazorat qilish va boshqarish uchun Germaniyada boshqaruv markazini tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, deb yozmoqda New York Times gazetasi harbiy va hukumat doirasidagi manbalarga tayanib.
"Pentagon Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Ukraina harbiylarini qanday mashq qildirayotgani va ta’minlayotganini sinchkovlik bilan kuzatib borishga tayyorlanmoqda. Bu Bayden ma’muriyatining Ukrainani qo‘llab quvvatlash uzoq muddatli vazifa ekani haqida bergan bayonotiga javob bo‘ladi", – deyiladi maqolada.
Xabarda ta’kidlanishicha, ushbu rejani AQSHning Yevropa qo‘mondonligi va NATOning Yevropadagi birlashgan qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Kristofer Kavoli taqdim etgan. Rejaga ko‘ra, yangi markaz Kavoliga hisob beradigan amerika generalining yagona boshqaruvi ostida bo‘ladi.
Ushbu missiya doirasida jami 300 kishini jalb etish rejalashtirilmoqda, ular AQSH armiyasining Visbadendagi Yevropa qarorgohiga joylashtiriladi.
Nashrning yozishicha, yangi bo‘linma tashkil etish bo‘yicha hal qiluvchi qaror yaqin haftalarda qabul qilinishi kerak. Oq uy va pentagondagilar Kavolining yondashuvini qo‘llab-quvvatlagani aytilmoqda.
"Yangi qo‘mondonlik Qo‘shma shtatlarning Ukraina hamda unga qo‘shni mamlakatlar uchun Rossiya tomonidan tahdid ko‘p yillar davomida saqlanib qoladi, deb bildirayotgan prognozi to‘g‘ri ekaniga ishoradir", – deya ta’kidlaydi gazeta keltirgan manba.